O‘zbekistondagi barcha tadbirkorlarning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirish 2 yilga to‘xtatiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev juma kuni Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga murojaatida ushbu taklif bilan chiqdi.

Prezident nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi faoliyati zamon talablariga javob bermasligini ma’lum qildi.

«O‘zingiz o‘ylang, ushbu kengashning ishchi organi ham, eng ko‘p tekshirish o‘tkazadigan nazorat organi ham — soliq idorasining o‘zi. Tekshirish uchun ham o‘zi ruxsat bersa, ham o‘zi tekshirsa, buni qanday tushunish mumkin», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu munosabat bilan tekshirishlar o‘tkazishga ruxsat berishning maxsus elektron axborot tizimiga o‘tish va uning nazoratini Bosh prokuraturaga yuklash maqsadga muvofiq, deb ta’kidladi Prezident.

«Joylarda mutasaddilar tadbirkorga kalamushday yopishib olgan. Tadbirkorlarni tekshiraverib, ishlashiga yo‘l qo‘ymaydi. Ularni amalda yetarlicha qo‘llab-quvvatlay olmayotganimiz mening eng katta armonim», - dedi Shavkat Mirziyoyev.