O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev juma kuni mamlakat tarixida birinchi marta parlamentga murojaatnoma taqdim etdi. U to‘rt soat davom etib (taxminan 10:25 dan 14:25 gacha) «O‘zbekiston 24» telekanali orqali jonli translyatsiya qilindi.

Davlat rahbari o‘z murojaatida Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deb e’lon qilingan 2017 yilni sarhisob qilib, yaqin kelajakda O‘zbekistonni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini sanab o‘tdi.

Prezident taklifi bilan 2018 yil O‘zbekistonda Faol tadbirkorlik innovatsion g‘oyalar va texnologiyalar yili deb e’lon qilindi.

Tadbirda Oliy Majlis va hukumat a’zolari, mamlakatda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, shuningdek, videokonferensiya aloqa tizimi orqali tuman, shahar va viloyatlardagi mahalliy kengashlarga saylangan xalq noiblari hamda barcha bo‘g‘indagi ijro hokimiyati va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, nodavlat tashkilotlar va jamoatchilik vakillari, O‘zbekistonning 33 mamlakatdagi diplomatlari ishtirok etdi.