AQSH Prezidenti ma’muriyati 2012 yilda Rossiyada inson huquqlarining buzilishiga nisbatan qabul qilinib, 2016 yilda global maqomga ega bo‘lgan «Magnitskiy qonuni» doirasida «inson huquqlarining buzilish va korrupsiya uchun javobgar» 13 kishi va 39 ta tashkilotga nisbatan sanksiyalar joriy etdi. Donald Tramp 21 dekabrda shu haqdagi farmonni imzoladi, deya xabar qildi AQSH Moliya vazirligi sayti.

AQSH fikricha, Gulnora Karimova «davlat resurslaridan biznesni ekspropriatsiya qilish, bozorlarni monopollashtirish, poraxo‘rlik va reket maqsadlarida foydalanish uchun kuchli uyushgan jinoiy guruhga rahbarlik qilgan».

2017 yilda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaga nisbatan ikkita jinoiy ish qo‘zg‘atilgani, davlat va fuqarolar manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori esa 3,7 trln so‘mdan oshishini ma’lum qilgan edi.

Sanksiyaga ko‘ra ro‘yxatdagilarning AQSH yurisdiksiyasidagi barcha aktivlar bloklanib, Amerika fuqarolariga sanksion ro‘yxatdagi shaxslar va tashkilotlar bilan har qanday shartnomalarni tuzish taqiqlanadi.

«Bugun Qo‘shma Shtatlar ushbu yomon shaxslarni AQSH moliya tizimidan chiqarib yuborgan holda butun dunyoda inson huquqlarining suiiste’mol qilinishi va korrupsiyaga qarshi qat’iy kurashmoqda, - dedi moliya vaziri Stiven Mnuchin. - G‘aznachilik departamenti ularning aktivlarini muzlatib qo‘yadi va ular tomonidan sodir etilgan kishini g‘azablantiruvchi harakatlarni oshkora muhokama qiladi, ularning huquqbuzarliklari uchun ulkan narx haqida xabar beradi».

Bir kun avval AQSH besh nafar rossiyalik, jumladan Checheniston rahbari Ramzon Qodirovga nisbatan ham sanksiya joriy etgan edi.