O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev deputatlar qabul qilgan va senatorlar tasdiqlagan 2018 yilgi davlat byudjetiga o‘zgartishlar kiritilmasa, unga qo‘l qo‘ymasligini ma’lum qildi.

Davlat rahbari davlat byudjetining parlamentdagi muhokamasidan, davlat byudjetini taqdim etgan bosh vazir o‘rinbosari, moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovga berilgan o‘tkir savollardan rozi bo‘lganini, biroq tasdiqlangan hujjatga qo‘l qo‘ymasligini ma’lum qildi.

«Byudjetning egasi Moliya vazirligi, u yerda o‘tirgan noinsoflar emas. Men odamlar hayotini osonlashtiradigan byudjetga qo‘l qo‘yaman. Sizlar qo‘llaysizlarmi yoki yo‘q?» - deya so‘radi Prezident juma kuni Oliy Majlisga murojaatnomasini taqdim etar ekan.

«Nima uchun men Moliya vazirligida 15-20 yil ishlagan, lekin moliyaning „m“ harfini ham tushunmagan odamlarning hammasini haydavordim? Lekin rahbarlarni haydavordim, pastdagi o‘tiribdi - „kalamushlar“, qo‘pol bo‘lsa ham. Yana o‘sha gap. Har bir odamni boy qilaylik, o‘zi soliq to‘laydi. Uni oldin talon-taroj qilsak qanday soliq to‘laydi? Endi-endi odamlar o‘zgarayapti, endi-endi ishonayapti, darrov uning boshiga…» - deya murojaat qildi Shavkat Mirziyoyev.

«Atrofingdagilarning hammasini haydavor, - deya noyabr oxirida moliya vaziri lavozimiga tayinlangan Jamshid Qo‘chqorovga yuzlandi Prezident. - Kecha u gohlantirildi, agar o‘zgarish qilmasa bir oyda uni ham ishdan olaman. Menga bunday moliya kerak emas».

«[Ella] Ostrogojskayani (Moliya vazirligi Davlat byudjeti bosh boshqarmasini boshqargan — tahr.) degan noinsofni haydaganman, haliyam uning „hidi“ kelib turibdi menga. Tashqaridan turib bir-ikkitalar ishlayapti. Menga Vatanni sevgan, o‘zbek millatini, o‘zbek davlatini sevgan, O‘zbekistonda yashayotgan har bir fuqaroning ertangi kuniga befarq bo‘lmagan moliya boshlig‘i kerak», - dedi davlat rahbari.

Prezident Jamshid Qo‘chqorovga 10 kun muddatda «barcha eski kasalliklardan xalos bo‘lish» va kadrlarni «tozalash» vazifasini topshirdi. «Yoshlar kerak, tajribasi muhim emas, eng muhimi millatidan qat’i nazar Vatanni sevsin», - dedi u.

Prezident parlamentga yuzlanar ekan: «Endi sizlar ham uyg‘oninglar. Talab qilinglar, sizlar ham obro‘ qozoninglar», - dedi. U oyoqqa turib olganiga qadar ayrim tadbirkorlar toifasiga soliq solishda yengilliklar berish zarurligini ta’kidlab o‘tdi.