Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a’zosi, mudofaa vaziri, general-polkovnik Chan Vansyuan O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi.

20 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Chan Vansyuanni qabul qildi. Uchrashuvda ikki tomonlama harbiy va harbiy-texnik hamkorlik holati hamda istiqbollari, shuningdek mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Xuddi shu kuni Xitoy delegatsiyasining O‘zbekiston mudofaa vaziri Abdusalom Azizov bilan ham uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. O‘zAning xabar qilishicha, uchrashuvda harbiy, harbiy-texnik va harbiy ta’lim sohalaridagi ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi va Xitoy Xalq ozodlik armiyasi Milliy mudofaa universiteti o‘rtasida harbiy ta’lim sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.

XXR mudofaa vaziri poytaxtimizdagi Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, Motamsaro ona haykali poyiga gul qo‘ydi.

Tashrif dasturi doirasida Xitoy delegatsiyasi a’zolarining mamlakatimiz harbiy qismlari va muassasalarida uchrashuvlar o‘tkazishi hamda Samarqand shahrining qadimiy tarixiy yodgorliklari bilan tanishishi ko‘zda tutilgan.