2018-yildan boshlab yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy shaxslarga taksi xizmatlarini ko‘rsatish huquqini berish rejalashtirilmoqda. O‘zA ma’lumotlariga ko‘ra, bu haqda Oliy Majlis Senatining chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan 13-yalpi yig‘ilishida bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekiston moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov xabar qilgan.

Yangi tartib yo‘lovchilar o‘rni to‘rttadan oshmaydigan avtomobillarda yo‘lovchilarni tashishga taalluqli bo‘ladi. Taksi xizmatini ko‘rsatish uchun fuqarolar litsenziya olishlari shart bo‘ladi.

Ayni paytda tijoriy asosda avtomobil transportida yo‘lovchilarni tashish huquqi faqatgina yuridik shaxslarga taqdim etiladi.

Jamshid Qo‘chqorovning qayd etishicha, mazkur taklif Prezident Shavkat Mirziyoyevning soliqlar yig‘ilishini oshirish, qo‘shimcha zaxiralarni aniqlash va daromadlarni legallashtirish bo‘yicha topshirig‘i asosida ishlab chiqildi.