2018-yildan jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i mol-mulkning inventar emas, balki kadastr qiymati bo‘yicha hisoblanadi. To‘lovlarning 20−25 foizga oshishi kutilmoqda, deya xabar qildi bosh vazir o‘rinbosari, moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining 13-yalpi yig‘ilishida.

Jismoniy shaxslarning ko‘chmas mulk ob’ektlarini baholashning yangicha tartiblari soliqlarni bozor narxlariga yaqin qiymatda hisoblash maqsadida joriy etilmoqda. Bunda soliq stavkasi 1,7 foizdan 0,2 foizgacha pasaytiriladi.

Moliya vazirligi rahbarining qayd etishicha, bugungi kunda mol-mulk solig‘i uyning inventar qiymatidan olinmoqda. Bu qiymat 1991-yildagi narxda belgilangan bo‘lib, uning joriy narxi koefitsinetga ko‘paytirib topiladi. Koefitsiyent oxirgi marta 2010-yilda yangilangan bo‘lib, uyning inventar narxi bozor narxidan o‘rtacha 20−25 marta kichikdir.

Masalan, Toshkent shahri Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasidagi 1980-yillar oxirida qurilgan 9 qavatli beton uylardagi 3 xonali kvartiraning maydoni 78 kvadrat metrni tashkil qiladi. Mazkur kvartiraning inventar qiymati 11 million so‘mni tashkil qiladi. Kelgusi yildan ushbu kvartiraning kadastr qiymati esa 113 million so‘m atrofida bo‘lishi kutilayapti. Ushbu qiymatdan 0,2 foiz miqdorida mol-mulk solig‘i to‘lanadi. O‘shanda 227 ming so‘m soliq to‘laydi. Ushbu xonadon egalari 2017-yilda 190 ming so‘m mol-mulk solig‘i to‘lagan, deya misol keltirdi vazir.

Moliya vazirligi Arxitektura va qurilish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda ko‘chmas mulk ob’ekti hisoblangan turar-joylarni beshta toifaga ajratib, ular qiymatini indeksatsiya qildi. bunda soliqlarning keskin ortib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik vazifasi yuklatildi.

U mol-mulk soliqlari hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga qarab belgilanishini ma’lum qildi. Masalan, Xorazmdagi mol-mulk solig‘i Toshkentdagi xuddi shunday ob’ektdagidan 2 marta kam bo‘ladi.

Bundan tashqari, mahalliy hukumat organlariga muayyan hududning o‘ziga xosliklarini hisobga olgan holda jismoniy shaxslar mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va qayd etilgan soliqning bazaviy stavkasini 0,7-1,3 koeffitsiyentda oshirish yoki tushirish huquqini taqdim etish rejalashtirilmoqda.

Jamshid Qo‘chqorov tuman hokimiyatining o‘zi yoki mahalla qo‘mitasi murojaati asosida alohida fuqarolar yoki oilalarga soliqlarni 30 foizgacha kamaytirish huquqiga ega bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.

“Ayni paytda Toshkent misolida aytadigan bo‘lsak, shunday uylar borki, ularning real kadastr bahosi eng kamida 400-500 mln so‘mni tashkil etadi. Agarda hokimlar u yoki bu tumanda muayyan ko‘cha uchun mol-mulk solig‘ini oshirish mumkin, degan qarorga kelsa, u holda o‘z qarorlari bilan soliq miqdorini 30 foizgacha oshirish huquqiga ega. Buning uchun Moliya vazirligi yoki boshqa tashkilotlardan ruxsat olishlari shart emas”, - dedi bosh vazir o‘rinbosari.