15 dekabrdan Qirg‘iziston O‘zbekistonga elektr energiyasini yetkazib berishni boshladi. Bu haqdagi shartnoma 5 oktyabr kuni o‘sha vaqtda Qirg‘iziston Prezidenti lavozimini egallab turgan Almazbek Atambayevning O‘zbekistonga tashrifi vaqtida imzolangan edi.

O‘zAning xabar qilishicha, dekabrdan martga qadar 550 million kVt⋅s elektr energiyasini yetkazib berish ko‘zda tutilgan. Ayni paytgacha 3,7 million kVt⋅s yetkazib berilgan bo‘lib, kunlik yetkazib berish hajmi ortib bormoqda.

«Elektr energiyasi Qirg‘iziston Milliy elektr tarmoqlari orqali yetkazib berilmoqda, - xabar qildi O‘zA „O‘zbekenergo“ kompaniyasiga tayanib. - Bu Markaziy Osiyoda suv va energetik rejimlarning ta’minlanishi va mamlakatlarimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shadi».