O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-dekabr kuni mamlakatga tashrif buyurgan Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) prezidenti Serdar Chamni (suratda — o‘ngda) qabul qildi, deya xabar qildi Prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, joriy yilning 25−26 oktyabr kunlari Turkiyaga amalga oshirilgan davlat tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni strategik hamkorlik darajasiga olib chiqqanini mamnuniyat bilan ta’kidladi.

Bugungi kunda turkiyalik hamkorlar bilan birgalikda savdo, sanoat, investitsiya, transport, turizm, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalarda istiqbolli dastur va loyihalar amalga oshirilayotgani ijobiy baholandi.

Bo‘lib o‘tgan muloqot davomida Agentlikning mamlakatimizdagi faoliyatini yanada kengaytirish va yangi bosqichga olib chiqish muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

O‘zbekistonda Agentlik tomonidan shu kungacha 23,6 million dollar miqdoridagi 700 ga yaqin grant loyihalari amalga oshirilgan.

Suhbat chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olish, bu borada Agentlikning O‘zbekistondagi faoliyatini aniq loyihalar asosida va tizimli ravishda rivojlantirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Bu borada “Yo‘l xaritasi"ni qisqa muddatda ishlab chiqib, uni amalga oshirishga kirishish muhimligi, shu munosabat bilan, iqtisodiy, madaniy, ta’lim, sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, turizm va ijtimoiy ahamiyatga molik boshqa qator sohalarda amalga oshirilayotgan loyiha va dasturlar hajmini bir necha barobar ko‘paytirish bo‘yicha kelishib olindi.

Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an hamda ushbu mamlakat Bosh vaziri Binali Yildirimning ezgu tilaklarini yetkazdi.

Serdar Cham O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini, bu yo‘lda bor kuch-g‘ayratini safarbar etgan holda, ularni hayotga o‘z vaqtida va samarali tatbiq etishga turk tomonining tayyor ekanini bildirdi.