2018 yilda Qoraqalpog‘istonda hosildorligi past bo‘lgan 15 ming ga maydonda paxta o‘rniga qizil qalampir ekiladi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev dam olish kunlari Orolbo‘yiga safari jarayonida yuqori daromadli mazkur ekinni yetishtirishni kengaytirishga topshiriq berdi.

O‘zAning xabar qilishicha, Xo‘jayli tumanidagi yangi logistika markazida qishloq xo‘jaligi sohasidagi taqdimotlar qatorida achchiq qalampir yetishtirish va uni eksport qilish loyihasi ham namoyish etildi.

bugungi kunda dunyo bo‘yicha 4,4 million gektar maydonda achchiq qalampir ekilib, 68,3 million tonna hosil olinadi. Bir gektar maydonda hosildorlik 15−20 tonnagacha yetadi. 5 kilogramm hosildan 1 kilogramm quritilgan achchiq qalampir olish mumkin. Misol uchun, 1 gektar maydondan 16 tonna hosil yetishtirilsa, 3,2 tonna quritilgan achchiq qalampir olinadi. Uning 1 tonnasining narxi dunyo bozorida 8 ming 640 dollar atrofida baholanadi. 2017 yilda achchiq qalampir savdosidan olinadigan daromad 30 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Ushbu mahsulotning asosiy qismi Indoneziya, Xitoy va Meksikada yetishtiriladi.

Prezident kam hosil beradigan paxta maydonlarini qisqartirish hisobiga 60−80 kunda yetiladigan achchiq qalampir ekish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi. Bundan tashqari, u har bir viloyatda ushbu serdaromad o‘simlikni ko‘paytirish lozimligini qayd etdi. Uni ekish, agrotexnik tadbirlarni tashkil etishda fermerlarga indoneziyalik mutaxassislar yordam beradi.

«Yaqinda bir guruh mutaxassislar, tuman hokimlari Indoneziyada xizmat safarida bo‘ldik, — deydi Beruniy tumani hokimi Farhod Ermonov. — U yerda biz eksportbop mahsulotlar, ayniqsa, achchiq qalampir yetishtirish bo‘yicha tajriba almashdik. Jumladan, 2018 yilda tumanimizdagi fermer xo‘jaliklarining 1000 gektar yer maydonida mutaxassislarni jalb etgan holda, Indoneziyadan achchiq qalampir ko‘chatlarini olib kelib ekmoqchimiz»

Mavjud mahalliy qalampir navlaridan foydalanish qulay emasmi, degan savolga u quyidagicha javob berdi: «Bizdagi qalampir navlarining achchiqlik darajasi 3,4 ballni tashkil etadi. Indoneziyadan olib kelinadigan qalampir ko‘chatlarining achchiqlik darajasi esa 7,8 ballni tashkil qiladi, ya’ni dunyo standartlariga to‘liq javob beradi va eksportbop».

«Bunday navli achchiq qalampirning har gektaridan 20−27 million so‘m foyda ko‘rish mumkin, bu paxtaga nisbatan bir necha baravar ko‘p demakdir», - dedi Beruniy tumani hokimi.