Qirg‘iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov 13−14 dekabr kunlari Toshkentga rasmiy tashrifi vaqtida ko‘rsatilgan ehtirom va mehmondo‘stlik uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorlik bildirdi.

«Qirg‘iziston bilan O‘zbekistonning xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik aloqalari, yaxshi qo‘shnichilik va qardoshlik munosabatlariga asoslangan strategik sherikligini yanada mustahkamlash bo‘yicha erishilgan kelishuvlardan juda hursandman», - dedi Sooronbay Jeenbekov.

«Yo‘lovchi transporti qatnovini qayta tiklash, tranzit tashishlarni ta’minlash va transport yo‘laklari ochish, shuningdek, eksport-import aloqalarini faollashtirishga qaratilgan qo‘shma rejalarning hayotga tatbiq etilishi oddiy fuqarolar turmush farovonligini oshirish hamda o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratishiga ishonchim komil», - deya ta’kidladi Qirg‘iziston rahbari.

«O‘ylaymanki, Qirg‘iziston — O‘zbekiston davlat chegaralarining qolgan qismini delimitatsiya qilish ishlari o‘zaro hurmat va manfaatlarni hisobga olish tamoyillari asosida faol sur’atda davom etadi», - deya qo‘shimcha qildi u.

Sooronbay Jeenbekov Shavkat Mirziyoyevning diplomatiyada yangi an’analarga asos solayotgani, davlatlararo ahamiyatga molik masalalarni hal qilishda nostandart va samarali yondashuvlarni namoyon қилаётганини tahsinga sazovor, deb atadi.

«Siz nafaqat Qirg‘iziston va O‘zbekiston, balki butun mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikka ijobiy sur’at bag‘ishladingiz», - deya ta’kidladi u.

Qirg‘iziston tomoni Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini tashkil etish to‘g‘risidagi ташабbuсини to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. «Biz bu tashabbusni amalga oshirish yo‘lida barcha sa’y-harakatlarimizni ishga solamiz», - deyiladi maktubda.

«Sizning tashrif davomida bir necha bor yangragan „dardingizni o‘z dardimiz, g‘alabangizni o‘z g‘alabamiz sifatida qabul qilamiz“, degan so‘zlaringiz qirg‘iz xalqiga ezgu munosabatingiz ifodasi bo‘lib, qalbimdan chuqur joy oldi», - deya qayd etdi Sooronbay Jeenbekov.