O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidenti Donald Trampga hamdardlik maktubini yo‘lladi. Maktubda «Insonlar halok bo‘lishiga olib kelgan Vashington shtatidagi yo‘lovchi poyezdi avariyasi to‘g‘risidagi xabar bizni qattiq qayg‘uga soldi», — deyiladi.

Davlat rahbari AQSH Prezidentiga chin dildan ta’ziya bildirdi va qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamda jarohat olganlarga hamdardlik va dalda so‘zlarini yetkazishni so‘radi, deyiladi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabarida.

Seattle Times ma’lumotlariga ko‘ra, AQSHning Vashington shtatida poyezdning avtomobil yo‘liga qulab tushishi natijasida olti nafargacha kishi hayotdan ko‘z yumgan, yuzga yaqin kishi jarohatlangan. Jabrlanganlar orasida ham poyezd yo‘lovchilari, ham relslardan chiqib ketgan vagonlar ustiga qulagan avtomobillarning haydovchilari va yo‘lovchilari bor.