O‘zbekiston Futbol federatsiyasi Ijro qo‘mitasi «Neftchi» bosh murabbiyi Vadim Abramovning murabbiylik litsenziyasini noma’lum muddatga qaytarib oldi, deb xabar qildi O‘FF matbuot xizmati.

Litsenziyaning vaqtincha bekor qilinishiga Vadim Abramovning, federatsiya intizom kodeksiga muvofiq, O‘FF va Professional futbol ligasi, shuningdek uning vakillari obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatib, mazkur tashkilotlar qarorlarini noto‘g‘ri talqin etgani sababli keng jamoatchilik o‘rtasida «nosog‘lom fikrlar"ning paydo bo‘lishiga olib keladigan «noto‘g‘ri» mulohazalari sabab bo‘lgan.

Litsenziyani qaytarib olish to‘g‘risidagi qaror 16 dekabrda qabul qilingan.

«Neftchi» ustozi yaqinda Championat.asia saytiga bergan intervyusida futbol tashkilotining bir qator qarorlarini, jumladan mamlakat chempionatining yangicha shaklini tanqid ostiga olgan edi.

«Aslida men bir necha yillar avvalroq yangi format qilishni taklif etgandim. 2008 yilda jamoalar sonini 12 tagacha qisqartirish tashabbusi bilan chiqqan edim. O‘shanda Oliy liganing ikkita jamoasi quyi ligaga tushishi, Birinchi liganing ikki jamoasi esa yuqorilashi kerak edi. Biroq qandaydir sabab bilan Birinchi ligadan hech kim Oliy ligada o‘ynash istagini bildirmadi. O‘shanda natijada hech kim Oliy ligani tark etmadi.

«Gazeta.uz"ning O‘FFdagi axborot manbasining oydinlik kiritishicha, Vadim Abramov o‘z noroziligini O‘FF rahbariyatiga shaxsan bildirishi kerak edi, OAV orqali ommaviy bildirish o‘rniga.

O‘FFning chetlatish to‘g‘risidagi qaroriga izoh berar ekan, Vadim Abramov ehtimol federatsiyaga kelgusi yildan futbolchilar topshirishi kerak bo‘lgan normativlarning nihoyatda murakkab ekanligi haqidagi fikrlari yoqmagan bo‘lishi mumkinligini aytib o‘tdi.

«Normativni hattoki Bobbi Charlton ham (Angliya termasi tarkibida jahon chempioni va 1966 yilgi „Oltin to‘p“ sohibi — tahr.) topshira olmasdi. Men vaziyatga oydinlik kiritish uchun federatsiyaga boraman. Agarda meni o‘zbek futboli uchun keraksiz odam deb hisoblashsa, buning uchun meni chetlatishlari shartmas, aytishsa o‘zim ketaman», — dedi mutaxassis .