O‘zbekiston hukumati 11 dekabrdagi qarori bilan 2017−2027 yillarda davlat muzeylari faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash dasturini qabul qildi.

Dastur mamlakatning barcha hududlaridagi muzeylarni qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash rejalarini o‘z ichiga oladi. Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, «O‘zbekiston temir yo‘llari» raisi Ochilboy Ramatov dasturlar ijrosini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasiga boshchilik qiladi.

Hujjatga muvofiq, milliy va xorijiy tajribalar hisobga olingan holda eksponatlar xavfsizligi va saqlanishini yaxshilash, tashrif buyuruvchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va imkoniyati cheklangan shaxslarning muzeylarga tashrifi uchun sharoitlarni yaratish bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi.

Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy va Farg‘ona viloyatlarida davlat muzey-qo‘riqxonalari tashkil etilib, Buxoro, Samarqand va Xivadagi muzey-qo‘riqxonalar faoliyat yaxshilanadi.

2018−2019 yillarda barcha shahar va tumanlardagi madaniyat va istirohat markazlarida hududlar tarixi, madaniyati, tabiati va odamlari hayoti haqida so‘zlovchi ko‘rgazma-ekspozitsiyalar ochiladi.

7 ta yangi muzey ochilib, 21 tasi qayta tashkil etiladi va 33 ta muzey yopiladi (ro‘yxati — yuqoridagi havolada). Dasturni amalga oshirish uchun 572,354 mlrd so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilmoqda.