2018 yilning 1 fevralidan boshlab O‘zbekistonda alohida xo‘jalik sub’ektlariga mamlakatga oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirish bo‘yicha taqdim etilgan individual bojxona, soliq va boshqa imtiyozlar bekor qilinib, Vazirlar Mahkamasiga bunday qarorni qabul qilishni taqiqlash rejalashtirilmoqda. Prezidentning shu haqdagi farmoni loyihasi Bosh prokuratura tomonidan tayyorlandi.

Hujjatda qayd etilishicha, mamlakatda alohida xo‘jalik sub’ektlarining oziq-ovqat mahsulotlari importi bo‘yicha monopollashuvi, nosog‘lom raqobatning saqlanib qolinishi, ayrim tovarlar taqchilligini sun’iy ravishda vujudga keltirib, ular narxining asossiz ravishda ko‘tarilishi uchun sharoitlarni keltirib chiqaruvchi jiddiy tizimli muammolar mavjud.

Farmon loyihasida alohida importyorlar uchun taqdim etilgan individual imtiyoz va preferensiyalar, shuningdek ular uchun yaratilgan qulay sharoitlar bozorga boshqa tadbirkorlik sub’ektlarining kirishini cheklagani tan olingan.

Vujudga kelgan vaziyat O‘zbekistonning ishbilarmonlik faolligi va investitsion jozibadorligini pasaytirib, mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘siga jiddiy zarar yetkazadi, deyiladi hujjatda.

2018 yilda oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib beruvchilarni qidirish va jalb etish, ular uchun bozorga kirishda teng imkoniyatlar yaratish, olib kirilgan mahsulotlar bo‘yicha shartnomalar tuzish, ularni tashish va saqlashda ko‘maklashish, shuningdek aholining sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘liq qondirishga qaratilgan boshqa chora-tadbirlar bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

Iste’mol tovarlarini respublika tovar-xom ashyo birjasida sotish va sotib olishga 2002 yilda kiritilgan taqiq bekor qilinadi. Tovar-xom ashyo birjalarining ochiq elektron savdolarida oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish va sotish uchun ulgurji savdoni amalga oshirish uchun litsenziya talab qilinmaydi.

Bundan tashqari, mahsulotlari O‘zbekiston bojxona chegarasi orqali tashishdagi bojxona jarayonlari tanqidiy o‘rganib chiqilib, ortiqcha to‘siq va g‘ovlar bartaraf etiladi, rasmiyatchiliklar maksimal darajada kamaytirilib, eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish xarajatlari qisqartiriladi.

Sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish uchun tizimli asosda tadbirkorlik sub’ektlari, jumladan ahamiyatga molik iste’mol tovarlarini eksportchi va importchilari, xorijiy investor va chet ellik sheriklar bilan ochiq va jonli muloqotlar o‘tkazib turiladi.