O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishi masalasi 14 dekabr kuni tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev hamda AQSHning Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘yicha savdo vakili yordamchisi Mark Linskott (fotoda — o‘ngdan birinchi) muzokaralarida ko‘rib chiqildi.

Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, Amerika tomoni O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi jarayonidagi texnik masalalarni hal etishda ko‘mak berishga tayyorligini ma’lum qildi.

Uchrashuvda O‘zbekistonning Tarifli preferensiyalar va intellektual mulkni huquqiy himoya qilish umumiy tizimiga a’zo bo‘lishi bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Mark Linskott 13-15 dekabr kunlari Toshkentda ilk bor tashrif bilan bo‘ldi. U bosh vazir o‘rinbosari - moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov va boshqa rasmiy shaxslar, Amerika biznesining O‘zbekistondagi vakillari bilan ham uchrashdi.