Oziq-ovqat mahsulotlari logistikasi sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi Xitoyning eng yirik kompaniyalaridan biri O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi loyihalariga 500 mln dollar miqdorida investitsiya kiritadi, deya xabar qildi «O‘zbekoziqovqatxolding».

5−12 dekabr kunlari Xitoy oziq-ovqat bozorining 37 foiz ulushiga egalik qilib, 50 dan ziyod davlat bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan Wanbang kompaniyasi (Xenan provinsiyasi) rahbariyati Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlariga tashrif buyurdi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha Henan Wanbang Selected Supply Chain Menejment, O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi va «O‘zbekoziqovqatxolding» o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, jumladan chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va qadoqlash, shuningdek tayyor tovarlarni eksport, import va reeksport qilish sohalarida 15 dan ziyod loyiha imzolandi. Mazkur loyihalarni amalga oshirishga 500 mln dollar miqdorida investitsiya kiritiladi.

Kelishuv doirasida O‘zbekiston erkin iqtisodiy zonalarda 10 ming gektar maydonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash ob’ektlari va logistika markazlarini qurish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, Xitoyga 100 ming tonna o‘zbek moshini yetkazib berish rejalashtirilgan.