13−14 dekabr kunlari Toshkentda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirg‘iziston Prezidenti Sooranbay Jeenbekov Toshkentda bo‘ldi. Bu so‘nggi bir necha oy ichida ikki davlat oliy rahbarlarining uchinchi uchrashuvi bo‘ldi. Bungacha sentyabrda Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Bishkekda bo‘ldi, oktyabrda esa Qirg‘izistonning avvalgi rahbari Almazbek Atambayev Toshkentga davlat tashrifi bilan keldi.

Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki davlat prezidentlari O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlikni faol rivojlantirish va mustahkamlash borasida intilishlari qat’iy ekanini tasdiqladilar. Tomonlarning bayonotlarida Joriy yil O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlari rivojida tarixiy davr bo‘lgani bir necha bor takrorlandi. Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, ko‘plab masalalar bo‘yicha hamfikrligi, hamkorlikka intilishining mushtarakligi tufayli barcha sohalardagi hamkorlik mustahkamlandi.

«Biz joriy yilda ko‘plab muammolarni hal qildik va mazkur masalalarni xalqlarimiz to‘liq qo‘llab-quvvatladi», - dedi Shavkat Mirziyoyev muzokaralar yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida. U hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar qolayotgani, biroq ikki davlat prezidentlari irodasi bilan ular hal etilishini ta’kidlab o‘tdi.

«Qirg‘iziston Prezidenti sifatida ilk xorijiy tashriflaringizdan birini O‘zbekistonga amalga oshirganingizni yuksak qadrlaymiz. Biz buni mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga bo‘lgan qat’iyatingiz ifodasi sifatida qabul qilamiz», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Biz barcha to‘siqlarni olib tashlashni xohlaymiz, chunki eng asosiysi - bu xalq diplomatiyasi. Biz chegaralarni ochdik. Agarda avvallari kuniga 3-4 kishi o‘tgan bo‘lsa, bugun har kuni 10-15 ming kishi chegaradan o‘tmoqda. Bu nima haqda so‘zlaydi? Chin dildan [bir-birinikiga] tashrif buyurish istagi bor», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Shunday vaqtlar keladiki, o‘rtamizda chegaralar bo‘lmaydi. Men buni chin yurakdan xohlayman. Chunki biz bitta xalqmiz, o‘xshash jihatlarimiz ko‘p va o‘ylaymanki biz bunga erishamiz. Bir yil ichida qancha muammolarni hal etgan bo‘lsak, o‘ylaymanki kelajakda Sooronbay Sharipovich bilan ko‘pdan-ko‘p muammolarni hal etamiz», - deya qo‘shimcha qildi u.

Qirg‘iziston Prezidenti ikki davlat o‘rtasidagi davlat chegaralari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi va ayrim o‘tkazish punktlaridan cheklovlarning olib tashlanishi ko‘plab odamlar uchun ulkan xursandchilik bo‘lganini ta’kidladi. «Chegaraoldi tumanlar aholisi bu hodisani ko‘zda yosh bilan qarshi olishdi», - dedi u. «Davlatlarimiz o‘rtasidagi chegara do‘stlik va hamkorlik darvozalariga aylandi».

Foto: O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati.

Keyingi paytda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi jadal ortib bormoqda. Joriy yilning yanvar-noyabr oylarida o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari 56 foizdan ziyodga o‘sib, 235 million dollarga yetdi.

Muzokarada ta’kidlanganidek, bu ko‘rsatkich ikki mamlakatning mavjud imkoniyatlarini to‘liq aks ettirmaydi. O‘zaro tovar ayirboshlash nomenklaturasini diversifikatsiya qilish va yaqin yillarda uning hajmini 500 million dollarga yetkazish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Tashqi savdo infratuzilmasi va eksport-import operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini faol rivojlantirish, qo‘shma savdo uylari ochish, biznes-forumlar va milliy sanoat mahsulotlari ko‘rgazmalarini o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi.

Ikki davlat delegatsiyalari nafaqat poytaxtlar o‘rtasida, balki Toshkent va O‘sh o‘rtasida ham avtobus qatnovlari va aviareyslarni ochish, shuningdek Toshkent va Bishkek o‘rtasidagi aviareyslar sonini ikki barobar oshirish to‘g‘risida kelishib oldi. Bundan tashqari Issiqko‘lga qadar temir yo‘l reystini ochish rejasi mavjud.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishi loyihasi bo‘yicha birgalikda ishlaydi. 25 dekabr kuni ikki davlat ishchi guruhlari mazkur loyiha bo‘yicha uchrashadi.

Qirg‘iziston hududida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi texnikasi, yengil avtomobillari, avtobuslari, maxsus pritseplari va maishiy buyumlarini yig‘ishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish hamda qurilish materiallari va to‘qimachilik sanoatida qo‘shma korxonalar tashkil etish muhimligi qayd etildi.

O‘zA xabariga ko‘ra, tashqi savdo infratuzilmasi va eksport-import operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini faol rivojlantirish, qo‘shma savdo uylari ochish, biznes-forumlar va milliy sanoat mahsulotlari ko‘rgazmalarini o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi.

Qirg‘iziston O‘zbekistonning ikki mamlakat Bosh vazirlari rahbarligida Hokimlar va chegaraoldi viloyatlar ma’muriyatlari rahbarlari kengashining birinchi majlisini O‘zbekistonda o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifini qo‘llab-quvvatladi.

O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasida suv-energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Bu masalalarga amaliy yechim topish uchun Qo‘shma suv xo‘jaligi komissiyasini tuzish va yaqin vaqtlar ichida uning majlisini o‘tkazishga kelishib olindi.

Joriy yilda Qirg‘iziston teatr namoyandalari Farg‘ona vodiysida, o‘zbekistonlik san’at ustalari O‘sh, O‘zgan, Aravon, Novqat, Qorasuv, Jalolobod shaharlarida ijodiy safarda bo‘ldi. Qirg‘izistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazildi. Davlat rahbarlarining kelishuviga binoan kelgusi yili O‘zbekistonda Qirg‘iziston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tadi. Shu bilan birga, 2018 yilda atoqli qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatovning yubileyini keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan Qirg‘iziston Prezidenti O‘zbekiston Prezidentiga Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Chingiz Aytmatov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan doimiy ko‘rgazma tashkil etish to‘g‘risidagi qaror uchun minnatdorlik bildirdi.

Matbuot anjumanidan so‘ng Sooronbay Jeenbekov Shavkat Mirziyoyevga 21 noyabr kuni Almazbek Atambayev farmoni bilan ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishdagi ulkan xizmatlari uchun tayinlangan «Danaker» ordenini topshirdi.

Foto: O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati.

Ushbu orden xalqlar o‘rtasida tinchlik, do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga, millatlararo totuvlikni asrash, ilm-fanni rivojlantirish, milliy madaniyatlarni yaqinlashtirish va boyitishga katta hissa qo‘shgan insonlarga beriladi. Danaker — yarashtiruvchi degan ma’noni anglatadi.

Shavkat Mirziyoyev va Sooronbay Jeenbekov payshanba kuni Qirg‘iziston rahbari tashrifi doirasida O‘zekspomarkazda tashkil etilgan O‘zbekiston sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi.

Foto: O‘zA.

Tashrif yakuniga yetgach, Shavkat Mirziyoyev Sooronbay Jeenbekovni Islom Karimov nomidagi «Toshkent» xalqaro aeroportiga shaxsan kuzatib qo‘ydi.