Davlat statistika qo‘mitasi 2020 yilda O‘zbekiston aholisini ro‘yxatga olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Xalqaro press-klubning payshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida qo‘mita raisi Bahodir Begalov ma’lum qildi. so‘nggi marta respublikada aholi 1989 yilda ro‘yxatga olingan edi.

«Butun dunyoda 2020 yilda ro‘yxatga olish mo‘ljallanmoqda. Biz ushbu yo‘nalishda ishlayapmiz. Bu mehnat talab qiluvchi va yetarlicha qimmat jarayon. Xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda mamlakatning har bir fuqarosini ro‘yxatga olish jarayoni 3-4 AQSH dollarini talab qiladi. Ro‘yxatga olishni boshlashdan avval uning qanchalik samarador ekani va qanday natija berishini o‘ylab ko‘rish kerak», - dedi u.

Sentyabr oyi oxiridagi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi 32,5 mln kishini tashkil etadi.

XPKning 29 noyabrdagi yig‘ilishida Davlat statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mahmudjon Ziyodullayev O‘zbekiston har 10 yilda aholini ro‘yxatga olishini ma’lum qilgan edi.