O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisi joriy yilning 20 dekabr kuni Toshkent shahrida chaqiriladi. 15 dekabr kuni Senat Kengai shu haqdagi qarorni qabul qildi, deya xabar berdi parlament yuqori palatasi axborot xizmati.

Senatning yalpi majlisi muhokamasiga 2018 yilgi davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi masala kiritilmoqda.

Senatning yalpi majlisi kun tartibiga mamlakatida olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini tubdan oshirishga, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga, 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasidan kelib chiqadigan vazifalarning izchil ijrosiga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining bir qator qonunlari va masalalar kiritilmoqda.

«Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida"gi, «Kelajak bunyodkori» medalini ta’sis etish to‘g‘risida"gi, «O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida"gi, «O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida"gi, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Harbiy doktrinasini tasdiqlash to‘g‘risidagi, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi, «Ayrim davlat organlari faoliyati takomillashtirilishi, shuningdek, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonunlar va boshqalar shular jumlasidandir.

Shu bilan bir qatorda yalpi majlisda senatorlar 2018 yilda fermer xo‘jaliklarini bosqichma-bosqich ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga aylantirish bo‘yicha dastur to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqadilar, O‘zbekiston ichki ishlar vazirining ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish sohasidagi faoliyati to‘g‘risidagi, shuningdek O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining 2017 yildagi o‘z faoliyati to‘g‘risidagi axborotini eshitadilar.