Toshkent IIBB «Tozalash-antiterror» tadbiri doirasida poytaxt fuqarolaridan jangovar patronlar va ov quroli olib qo‘yilganini ma’lum qildi.

13 dekabr kuni Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi 67 yoshli fuqaro V.Shipkov xonadonini tekshirish jarayonida u harbiy qozoncha ichida 5,45 kalibrli AK-74 avtomatining 232 dona jangovar patronlarni saqlayotgani aniqlandi.

Patronlar olib qo‘yilib, fuqaroga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.

Xuddi shu kuni Yashnobod tumanida istiqomat qiluvchi 45 yoshli fuqaro S.Nuriddinov (muqaddam sudlangan) kvartirasi tekshirildi. Ma’lum bo‘lishicha, u metall seyf ichida tegishli ruxsatlarsiz IJ-16 rusumli ov quroli va bir dona patron saqlab kelayotgan ekan.

Yashnobod tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 248-moddasi alomatlari bo‘yicha (tegishli ruxsatlarsiz o‘qotar qurollarni noqonuniy ravishda saqlash) jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.