Oktyabrdan yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasini berish boshlanganidan buyon Toshkentning 8404 nafar haydovchisi ushbu hujjatga ega bo‘ldi, deya xabar qildi poytaxt IIBB sayti. Yana 1977 kishi esa avtomaktabni tamomlaganidan so‘ng yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘ldi.

Yangi guvohnoma hamda avtomototransport vositasini ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi guvohnoma 10 yil muddatga beriladi. Guvohnomalarni 2018 yil 31 dekabriga qadar ko‘ngilli ravishda, 2019 yil 1 yanvardan 2020 yil 31 dekabrga qadar majburiy tartibda almashtirish belgilangan. Yangi namunalarni olish uchun haydovchining pasporti, eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi va unga berilgan talonni taqdim etish talab qilinadi.

Avtomototransport vositasini ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi guvohnoma majburiy texnik ko‘rikdan o‘tish jarayonida bosqichma-bosqich almashtirib boriladi.