O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuni 2018 yilda yangi shaklda o‘tkaziladi. Bu haqda 14 dekabr kuni Mudofaa vazirligi matbuot anjumanida ma’lum qildi.

O‘zbekiston Prezidentining 7 dekabrdagi farmoyishiga muvofiq, bayram arafasida 5−10 yanvar kunlari Toshkentda va viloyat markazlarida harbiy vatanparvarlik festivali tashkil etiladi. Ularda harbiy texnika, qurol-yarog‘ namoyishi, harbiy orkestrlar konsertlari, harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi elementlari bilan ko‘rgazmali chiqishlari, shuningdek «Vatanparvar» klublarining harbiy-texnika va sport imkoniyatlari taqdimotlari o‘tkaziladi. Ushbu tadbirlar keng formatli ekranlarda yoritib boriladi.

10−15 yanvar kunlarida Toshkent va viloyatlar markazlarining asosiy ko‘chalari bo‘ylab harbiy xizmatchilarning tantanali marshi - «Harbiy orkestrlar musiqasi» bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, yoshlar va harbiy xizmatchilar ishtirokida sport marafonlari bo‘lib o‘tadi.

Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan. 15 yanvar kuni OTMlar, litseylar, kollejlar va maktablarda harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirokida jasorat darslari o‘tkaziladi.

Dekabr va 2018 yil davomida harbiy qismlar, oliy harbiy ta’lim muassasalari, serjantlar tayyorlash maktablarida yoshlar uchun ochiq eshiklar kunlari o‘tkazilishi kutilmoqda.

10 yanvarga qadar litsey, kollej va maktablarning boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik bo‘yicha o‘quv xonalarini jihozlash yakuniga yetkazilishi lozim.