Qirg‘iziston Issiqko‘l viloyatidagi to‘rtta pansionat joylashgan yer uchastkalarini vaqtincha foydalanish uchun O‘zbekistonga berish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi. bosh vazir Sapar Isakov hukumatning shu haqdagi qarorini imzoladi, deya xabar qildi Qirg‘iziston hukumati sayti.

Qaror Qirg‘iziston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida 1994 yil 24 dekabrdagi Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq qabul qilinib, turizmni rivojlantirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan, deyiladi xabarda.

Erishilgan shartnomaga muvofiq, O‘zbekiston Xalqaro arbitraj sudidan shikoyatni qaytarib oladi. Shunday qilib mavjud barcha muammolar tinch yo‘l bilan hal etiladi.

Qarorda «Dilorom», «Rohat», «Oltin qum» va «Bo‘ston» pansionatlarini O‘zbekiston mulki sifatida rasmiylashtirish tartiblari o‘rnatiladi. O‘zbekiston tomoni ushbu ob’ektlarni Qirg‘izistonda qabul qilingan standartlar asosida muayyan muddat ichida 3 yoki 4 yulduzli mehmonxonalarga aylantirish uchun investitsiya kiritish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.

Shuningdek, mehmonxonalarni qurish va undan foydalanishda eng kamida 80 foiz ishchilar Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lishi lozim. Mazkur qarorning qabul qilinishi o‘zbekistonlik sayyohlar oqimining ortishiga, qardosh xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni yaxshilashga xizmat qilishi kutilmoqda, deyiladi xabarda.