2018 yildan boshlab O‘zbekistonda oylik maoshlar miqdorining o‘sishi inflyatsiya darajasidan past bo‘lmaydi. Bu haqda payshanba kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub yig‘ilishida iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda har olti oyda oylik maoshlarning inflyatsiya natijasida yo‘qotilgan qismini qoplash tizimi joriy etiladi. «Kelgusi yildan boshlab… oylik maoshlar inflyatsiya darajasidan past bo‘lmagan miqdorda oshiriladi. Bu 2018 yilga mo‘ljallangan soliq va byudjet siyosati konsepsiyasida ko‘zda tutilgan. Masalan, 1 yanvardan 1 iyulgacha inflyatsiya qanday bo‘lishiga qarab olti oy yakunlari bo‘yicha oylik maosh ham oshiriladi, yil so‘ngida esa u yana bir marta oshiriladi», - dedi u.

Asosiy maqsad - 2020 yilga qadar aholi daromadlarini keskin oshirish, dedi u.

«Buning uchun ishlab chiqarish hajmini oshirish kerak. Biz uchta asosiy muammoni hal etishimiz ham kerak: yonilg‘i taqchilligi muammosini hal etish, jumladan respublikaning eng olis tumanlariga elektr energiyasi va gazni uzluksiz yetkazib berishni ta’minlash. Bu mahsulotlar tan narxining pasayishi, ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish va ishlab chiqarish hajmini oshirishga xizmat qiladi», - dedi Mubin Mirzayev.

Kelgusi yildan gaz qazib olish va elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini 17 foizga oshirish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, gaz va elektr energiyasini yetkazib berish sohasida ham o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. «Ha, biz gaz eksport qilamiz. Ammo hukumat oldiga gaz dastlab o‘z ishlab chiqaruvchilarimizga yetkazilishi, ular esa, o‘z navbatida, qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarib, ushbu tovarlarni eksport qilishlari mumkin. Biz 2017−2018 yillarda birinchi marta O‘zbekistonda barqaror ishlab chiqarishni ta’minlash uchun Qirg‘izistondan elektr energiyasini import qilmoqdamiz», - dedi iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari.

Mubin Mirzayevning qayd etishicha, 2018−2019 yillarda O‘zbekistonda quyosh energetikasini rivojlantirish rejalashtirilmoqda. Kanada va Turkiya kompaniyalari bilan hamkorlik doirasida ichki bozorni muqobil elektr bilan ta’minlash, keyingi bosqichda esa uni, masalan Afg‘onistonga, eksport qilish mo‘ljallanmoqda.