Toshkentning «Lokomotiv» klubi hujumchisi Marat Bikmayev O‘zbekistonda yilning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. Bu haqda Futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar qildi.

14 dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik Katta teatrida eng yaxshi futbolchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tantanali marosimda O‘zbekiston Futbol federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov, Ijro qo‘mitasi a’zolari, Davlat jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov, klublar rahbarlari, murabbiylar, futbolchilar va OAV vakillari ishtirok etdi.

«O‘zbek futbolini rivojlantirishga hissa qo‘shgan eng yaxshi xorijiy murabbiy» nominatsiyasida «Paxtakor» bosh murabbiyi Shota Arveladze g‘olib deb topildi.

«Nafas» murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev yilning eng yaxshi murabbiyi bo‘ldi.

«Olmaliq» o‘yinchisi Konstantin Sviridov yilning eng yaxshi futzalchisi, «Metallurg» vakilasi Lyudmila Karachik esa «Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi» nominatsiyasi g‘olibasi bo‘ldi.

Asosiy nominatsiyalar g‘oliblari:

  • «Yoshlar ligasi g‘olibi» — «Bunyodkor»;
  • "Eng yaxshi futbol akademiyasi" — «Nasaf» (Qarshi);
  • Fair Play mukofoti — «Qo‘qon-1912″;
  • "Eng yaxshi yosh futbolchi» — Igor Chikrizov («Paxtakor»);
  • "Eng yaxshi jamoa ishqibozlari" -«Qo‘qon-1912″ Fan klubi;
  • «Yilning eng yaxshi klubi» — «Lokomotiv».

Joriy yilda O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi klublar bosh murabbiylari va kapitanlari o‘rtasida ovoz berish yo‘li bilan aniqlandi.