O‘zbekistonlik bokschi Shaxram G‘iyosov Osiyo boks konferensiyasi so‘rovnomasi yakunlari bo‘yicha Osiyoning eng yaxshi bokschisi deb tan olindi.

69 kg gacha vazn toifasida Olimpiya o‘yinlari kumush medali sohibi 57,2 foiz ovoz to‘plab, 32,8 foiz ovoz to‘plagan Hasanboy Do‘smatovni ortda qoldirdi. Kuchli uchlikni qozog‘istonlik Kayrat Yeraliyev (6,1 foiz) yakunladi.

24 yoshli buxorolik bokschi 2017 yilda Osiyo va jahon chempioni bo‘ldi.

O‘zbekiston Boks federatsiyasi 91 foizlik natija bilan Osiyoda eng yaxshi deb topildi.

WSB turnirida qozog‘istonlik Aslanbek Shimbergenov (36,8 foiz) Osiyoda eng yaxshi deb topildi. Uning ortidan o‘zbekistonlik Isroil Madrimov (30,5 foiz) va Abdulxay Shorahmatov (19 foiz) o‘rin egalladi.

Rajabboy Otanazarov «Eng yaxshi yosh bokschi» nominatsiyasida ikkinchi (34,4 foiz), Javlonbek Yuldashev o‘smirlar o‘rtasida ikkinchi (42,6 foiz) bo‘ldi.