Avtotest kompaniyasi 31 oktyabr kuni «Avtotest. Faqatgina biznes, boshqa hech narsami?» sarlavhali maqolani chop etgan Anhor.uz nashri ustidan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi hamda Matbuot va axborot agentligiga yo‘llagan shikoyatini qaytarib olganini ma’lum qildi.

Maqolada Vazirlar Mahkamasi tomonidan 4 sentyabr kuni qabul qilingan «O‘qitishning innovatsion usullarini joriy etish yo‘li bilan haydovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarori mamlakat qonunchiligi, jumladan Konstitutsiyaga zid ekani keltirib o‘tilgan.

Maqolada hukumat alohida xo‘jalik sub’ektiga imtiyoz va yengilliklar taqdim etish orqali boshqa xo‘jalik sub’ektlariga nisbatan unga ustunlik taqdim etgani qayd etiladi.

2 noyabr kuni Avtotest vakolatli organlarga murojaat qiladi. Biroq 13 dekabr kuni Anhor.uz tahririyati «mojaro tamom bo‘lgani"ni ma’lum qildi.

«Biz mamlakatda erkin so‘z tarafdorimiz va o‘z shaxsiy fikriga ega shaxslar, jumladan www.anhor.uz tahririyati fikrini hurmat qilamiz. OAVning tanqidiy nuqtai nazarga ega bo‘lish huquqini tan olgan holda axborotlar aniqlik bilan va qonun doirasida tarqatilishi lozim, deb hisoblaymiz», — deyiladi Avtotest bosh direktori Oksana Tigayning murojaatida.

Anhor.uz tahririyati, o‘z navbatida, Avtotest innovatsion faoliyatini yomonga chiqarish qilinmagani qayd etib, jamiyatdagi ijtimoiy ahamiyatga molik masalalarni ochiq muhokama qilishga chaqirdi.