O‘zbekistonda qishki sport turlari bo‘yicha to‘rtta mustaqil federatsiya tashkil etiladi, deya xabar qildi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Ular Xokkey federatsiyasi, Figurali uchish va short-trek federatsiyasi, Kyorling federatsiyasi va Chang‘i sporti federatsiyasidir. Ular tarkibiga snoubord, tog‘ chang‘i sporti, fristayl, tramplindan sakrash kabi sport turlari ham kiritiladi.

Chorshanba kuni MOQ, Jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi, Qishgi sport turlari assotsiatsiyasi hamda homiy tashkilotlar O‘zbekistonda qishgi sport turlarini rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, so‘nggi yillarda qishki sport turlarida O‘zbekiston vakillari xalqaro maydonda maqtashga arzigulik natijalarga erisha olishmayapti. 1994 yilda Norvegiyaning Lillexammer shahrida bo‘lib o‘tgan XVII qishki Olimpiya o‘yinlarida Lina Cheryazova tomonidan qo‘lga kiritilgan oltin medali yagonaligicha qolmoqda.

Yig‘ilishda qishki sport turlari taraqqiyotiga turtki berish, kadrlar tayyorlash masalasini yo‘lga qo‘yish, ishni eng quyi bo‘g‘in — bolalar sportidan boshlash uchun tashabbus guruhi tashkil etildi. Ushbu guruh qishki sport turlari bo‘yicha to‘rtta mustaqil federatsiya faoliyatini yo‘lga qo‘yish, professional mutaxassislarni ishga jalb qilish, federatsiyalarning samarali faoliyat yuritishi uchun homiylar va sarmoyadorlarni taklif etish masalalari bilan shug‘ullanadi.

Tashkil etilayotgan federatsiyalar qishki sport turlari bo‘yicha bolalar va o‘smirlar maktablari faoliyatini yo‘lga qo‘yish va shu orqali yosh avlodni tarbiyalash, raqobatni kuchaytirish va terma jamoamizga munosib nomzodlar saralab olish uchun klublar tashkil etish, hududlarda federatsiyalar filiallarini ochish va joylarda muz saroylari, qishki sport turlari bo‘yicha o‘quv-mashg‘ulotlar bazasini buyod etishi lozim.