O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 13 dekabr kuni yer resurslari, geodeziya va kadastr sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. O‘zA xabariga ko‘ra, yig‘ilishda «Yergeodezkadastr» davlat qo‘mitasi rahbariyatida yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri sohasida munosabatlarni kompleks tartibga solish, yerlardan oqilona va samarali foydalanishni tashkil etish, ta’sirchan nazoratni ta’minlashda tashabbus yetishmayotgani qattiq tanqid ostiga olindi. Shuningdek, sohada hal etilishi talab qilinayotgan ko‘plab muammolar borligi qayd etildi.

Jumladan, joriy yilda agrotexnik tadbirlar bajarilishi va shartnomada ko‘zda tutilgan ekinlarni to‘liq ekish ustidan tizimli monitoring o‘rnatilmagani oqibatida 833 fermer 13 ming gektarga paxta va g‘alla ekish bo‘yicha shartnomaviy majburiyatini bajarmagani ko‘rsatib o‘tildi.

Bunday holatlarning oldini olish maqsadida Bosh vazir o‘rinbosari Z.Mirzayevga yerdan samarali foydalanish, fermerlar tomonidan tuzilgan shartnomalar ijrosini qat’iy ta’minlash yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish vazifasi yuklatildi.

Yig‘ilishda davlat kadastr xizmati tomonidan 2016−2017 yillarda ko‘chmas mulk ob’ektlarini yalpi xatlovdan o‘tkazib, aniqlangan hujjatsiz mol-mulkni ro‘yxatga qo‘yish ishlari ham to‘liq yakunlanmagani alohida qayd etildi.

Xususan, xatlovda 1 million 100 mingta uy-joyning hujjati 15 yildan ortiq vaqt mobaynida rasmiylashtirilmagani, 145 mingta ko‘chmas mulk ob’ektidan 15 yildan kam muddat mobaynida hech qanday hujjatsiz foydalanib kelingani, shuningdek, noqonuniy egallangan 8,5 ming gektar yerda va muhofaza zonalarida 67 mingta ob’ekt qurilgani aniqlangan.

Biroq kadastr xizmati organlari, tumanlar va shaharlar hokimlari tomonidan ushbu ob’ektlarning kadastr hujjatini tayyorlash, ular bo‘yicha mulk huquqini rasmiylashtirish, o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlarda qurilgan ob’ektlarni buzish yoki ularga egalik huquqini berish ishlari to‘liq yakunlamagani qat’iy ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, 15 yildan ortiq vaqt foydalanib kelingan 1,1 millionta uy-joydan 751 mingtasi yoki 68 foizi bo‘yicha kadastr hujjatlari tayyorlangani, ushbu ishlar nazoratdan chetda qolgani ta’kidlab o‘tildi.

Shundan kelib chiqib Bosh vazir o‘rinbosari Z.Mirzayev, «Yergeodezkadastr» davlat qo‘mitasi raisi A.Abdullayevga hududiy hokimliklar bilan birga kadastr hujjati yo‘q uy-joy va yerlarni to‘liq ro‘yxatga olish, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer va qurilgan uylar masalasini hal etish bo‘yicha qaror, dastur va jadval ishlab chiqib, amalga oshirish topshirig‘i berildi.

Sohaga axborot kommunikatsiyalarini, jumladan, ko‘chmas mulk hisobini yuritish bo‘yicha yagona axborot tizimini joriy qilish, soliq organlari bilan kunlik axborot almashinuv ishlarida sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Parpiyevga xatlovga ko‘ra aniqlangan hujjatsiz uy-joy va yerlarni kadastr organlarida ro‘yxatga qo‘yish, ular bo‘yicha kadastr va soliq organlaridagi ma’lumotlar bazasi to‘liq bo‘lishi va yangilanib borishini ta’minlash uchun «Yergeodezkadastr» qo‘mitasi bilan hamkorlikda ish olib borish vazifasi yuklatildi.

Yer va mulkni ro‘yxatga olish tartibini takomillashtirish zarurligiga yig‘ilishda alohida urg‘u berildi. Xususan, Jahon banki e’lon qilgan reytingda O‘zbekiston «mulkni ro‘yxatga olish» ko‘rsatkichi bo‘yicha 73-o‘rinda ekanligiga e’tibor qaratildi.

Shuning uchun, «Yergeodezkadastr» davlat qo‘mitasi raisi A.Abdullayevga bir oy muddatda kadastr hujjatlarini tayyorlash va rasmiylashtirishni «yagona darcha» orqali avtomatlashgan tarzda amalga oshirish, bu borada soliq va notarius idoralari bilan ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish yuzasidan hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlarini va ekish ishlari nazoratini kuchaytirish maqsadida zamonaviy uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar)ni xarid qilish ishlarini yakunlash, bunday apparatlarni mamlakatimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida innovatsion markaz tashkil etish yuzasidan qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatildi.