2018 yilning 1 yanvaridan yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalari haydovchilari ikki yilda bir marta Avtotest o‘quv majmualari bazasida malaka oshirish bo‘yicha mashg‘ulotlarga qatnashi lozim. 4 sentyabr kuni O‘zbekiston hukumatining shu haqdagi qarori qabul qilingan edi.

Yuridik shaxslar haydovchilarining malakasini muntazam ravishda oshirish to‘g‘risidagi talab avval ham mavjud edi.

Avtomototransport vositalari va shahar elektrotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash to‘g‘risidagi Nizomda (2010 yildagi tahrirda) yo‘lovchilar tashish bilan shug‘ullanuvchi haydovchilar har yili, yuk tashuvchi haydovchilar esa har ikki yilda 30 soatlik malaka oshirish kurslariga qatnashi lozim.

Hujjatning yangi tahririda har ikki toifadagi haydovchilar uchun kurslardan o‘tish davomiyligi o‘rnatilib, 1 iyuldan boshlab Avtotest sertifikatiga ega bo‘lmagan yuridik shaxs haydovchisini jarimaga tortish yo‘li bilan mazkur talab ustidan nazoratni kuchaytirish belgilangan. Sentyabrdagi hukumat qarorida haydovchilar malakasini oshirish to‘g‘risidagi qonunchilik yetarli darajada amalga oshirilmayotgani tan olingan.

Haydovchilar tayyorlashni yaxshilash zaruriyati mavjudligiga shubha qilmagan holda qarorning quyidagi bandiga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq: «Aksariyat hollarda yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilar yo‘l-transport hodisalari ishtirokchilariga aylanib qolmoqda».

Rasmiy va xususiy OAVlarda chop etilgan qaror to‘g‘risidagi maqolalarda quyidagi ma’lumotlar keltirilmoqda: 2016 yilda yo‘lovchilar va yuk tashuvchi haydovchilar aybi bilan 972 ta YTH sodir etilgan bo‘lib, ularda 352 kishi hayotdan ko‘z yumdi, 962 kishi jarohatlandi. Mazkur toifaga mansub haydovchilar tomonidan jami 3890 YHQ buzilishi qayd etilgan bo‘lib, ularning 217 tasi mast holatda transport vositasini boshqarish, 193 tasi esa svetoforning taqiqlangan chirog‘idan o‘tishga taalluqli.

«Gazeta.uz» IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasidan o‘tgan yil davomidagi statistikalarni olib, ularni OAVdagi ma’lumotlar bilan taqqosladi. Unga ko‘ra, 2016 yil davomida yuridik shaxslar tomonidan jami bo‘lib 972 ta YTH sodir etilgan bo‘lib, bu umumiy 10212 ta YTHning 9,5 foizini tashkil etadi. Bunda 352 kishi hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsa, yo‘llarda halok bo‘lgan jami 2496 kishining 14,1 foizi ular hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, 2016 yil davomida YTHlari natijasida jarohatlangan 9845 kishining 962 nafari yoki 9,7 foizi yuridik shaxslar haydovchilari aybi bilan jabr ko‘rgan.

Xulosa: yo‘lovchi va yuk tashuvchi haydovchilarga qo‘yilgan talab ular tomonidan YHQlarga rioya etilmasligi sababli odamlar hayoti va salomatligi uchun xavf yuqori darajada ekanini inobatga olgan holda haqiqatdan ham oshirilishi shart, biroq O‘zbekistonda ular tomonidan sodir etilayotgan YTHlar soni aksariyat ko‘pchilikni tashkil etmoqda, degan ma’lumot haqiqatga yaqin emas.

«Gazeta.uz» O‘zbekiston yo‘llarida xavfsizlikni oshirish uchun zudlik bilan kompleks choralar ko‘rilishi, birinchi navbatda 1) yo‘l harakatini tashkil etish prinsiplari, 2) yo‘llar va ko‘chalarni loyihalashtirish standartlarini va 3) muqarrar jazoni ta’minlashni qayta ko‘rib chiqish shartligini ta’kidlaydi. O‘zbekistonda butun dunyoda amalda qo‘llanilayotgan talablarga ko‘z yumilayotganini qaror muhokamasi haqidagi maqolalarda e’lon qilingan fotosuratlardan ko‘rish mumkin.

Asoslantirilmagan keng ko‘chalar, yo‘l chiziqlarining mavjud emasligi, yuqori tezlikda harakatlanishga ruxsat berilgani, xavfli ajratuvchi panjaralar, qulay chorrahalar o‘rniga noqulay aylanish joylari — O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi ko‘plab muammolarning bir qismi xolos. Foto: Uz24.uz.