Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 12 dekabr kuni O‘zbekiston tibbiyot sohasidagi dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi O‘zA.

Foto: «O‘zbekiston 24» telekanali.

Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimidagi muammo va kamchiliklarni hududlar kesimida tahlil qilib, joylardagi tibbiyot muassasalarining kadrlar ta’minoti va salohiyati yetarli emasligi, ya’ni bugungi kunda mamlakatda 11 mingdan ziyod shifokor yetishmasligi sababli yangidan tashkil etilayotgan tibbiyot muassasalari tomonidan aholiga sifatli tibbiy yordam ko‘rsata olinmayotgani, buning sabablari, oqibat va yechimlariga alohida e’tibor qaratdi.

Joriy yilda tunu kun faoliyati ko‘rsatadigan 793 qishloq oilaviy poliklinikasi tashkil etilib, ularda tez tibbiy yordam shoxobchasi hamda kunduzgi statsionarlar ochildi. Hududlar uchun 1269 dona tez tibbiy yordam mashinasi xarid qilindi.

Sog‘liqni saqlash sohasini moliyalashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ta’kidlashicha, 2017 yilda tibbiyot sohasi uchun 6,7 trln so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2018 yilda bu ko‘rsatkichni 10 trln so‘mgacha oshirish rejalashtirilmoqda. «Hech qachon bunday bo‘lmagan - biz birato‘la 40 foiz oshirmoqdamiz», - dedi vazir.

Alisher Shodmonov. Foto: «O‘zbekiston 24» telekanali.

Moddiy-texnik bazani mustahkamlash bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirishni 2017 yildagi 552 mlrd so‘mdan 803 mlrd so‘mga (+45 foiz) oshirish belgilangan. 290 ta ob’ektni qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan (joriy yilda - 180 ta).

«Joriy yilda biz asosan poytaxt va viloyatlar markazlarida qurilishlarni amalga oshirdik. 2018 yilda uzoq tuman va qishloqlarda qurilish va rekonstruksiya ishlarini amalga oshirishni rejalashtirmoqdamiz. Ular 11 ta ixtisoslashtirilgan markaz va viloyatlardagi 23 ta filial, 126 ta tuman poliklinikasi va 52 ta tuman tibbiyot birlashmasini o‘z ichiga oladi», - dedi vazir.

Tibbiyot muassasalarini dori vositalari bilan ta’minlashga 915 mlrd so‘m ajratiladi. Bu joriy yildagi ko‘rsatkichdan 2,5 barobar (376 mlrd so‘m), 2016 yildagidan 4 barobar (227 mlrd so‘m) ko‘p demakdir.

Alisher Shodmonovning so‘zlariga ko‘ra, tibbiyot sohasini rivojlantirishning huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha vazifalar belgilangan bo‘lib, jumladan sog‘liqni saqlash tizimining qariyb barcha jabhalarini qamrab oluvchi beshta Prezident qarori loyihasini tayyorlash vazifasi qo‘yilgan.

Bundan tashqari, transplantologiya, davlat-xususiy sektor hamkorligi va majburiy tibbiy sug‘urta masalalariga taalluqli bo‘lgan qonunlar qabul qilinishi kutilmoqda.

«Tibbiyot tizimi xodimlari va rahbarlarini baholashning reyting tizimi joriy etilmoqda», - dedi Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari.

Mavjud 13 ta ixtisoslashtirilgan markazlar qatoriga Respublika nevrologiya markazi, Respublika nefrologiya va transplantologiya markazi hamda Respublika gematologiya markazini kiritish rejalashtirilmoqda.

Barcha viloyatlarda respublika kardiologiya, endokrinologiya, urologiya va oftalmotologiya markazlari filiallarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

«Olis tumanlar aholisi uchun 6200 o‘ringa mo‘ljallangan tibbiyot markazlarining 300 ta bo‘limlarini tashkil etish kutilmoqda», - dedi vazir.

Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni taqdim etishga alohida e’tibor qaratiladi. Reabilitatsion texnik vositalarga ehtiyojmand kishilarni ta’minlash darajasi 90 foizga chiqdi. Nogironlik aravachalari, eshitish uskunalari va boshqa vositalar bilan ta’minlash ikki barobarga oshdi.

Shu bilan bir qatorda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hajmi oshmoqda. 2016 yilda 40,2 mln dollar o‘zlashtirilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 93,5 mln dollarga yetdi.

Prezident Sog‘liqni saqlash vazirligiga hokimiyatlar bilan birgalikda 2018 yilda bakalavriat uchun maqsadli kvotalar miqdorini 2017 yildagidan 20 foizga, magistratura uchun 10 foizga va ordinatura uchun 15 foizga oshirishni qayta ko‘rib chiqish vazifasini topshirdi.

Prezident xususiy tibbiyotni rivojlantirishga batafsil to‘xtalib o‘tdi. 2018 yilda xususiy sektorni imtiyozli moliyalashtirishga 14 mln dollar foizsiz kreditlar ajratiladi. 234 ta yangi xususiy davolash muassasasi ochilishi lozim. shuningdek autsorsing masalalari ko‘rib chiqiladi, deya qayd etdi Alisher Shodmonov.

Yaqinda ochilgan Akfa Medline xususiy ko‘p profilli tibbiyot markazi bazasida mamlakat xususiy tibbiyoti uchun o‘quv-amaliy markaz tashkil etish hamda soha uchun malakali kadrlarni tayyorlash rejalashtirilmoqda. Poytaxtda mazkur tibbiyot markazi bilan birga Koreya Respublikasining oliy tibbiyot muassasasi va uning hududiy filiallarini ochish belgilangan.

Yig‘ilishda mutasaddi rahbarlarning tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi holatiga salbiy munosabati, oilaviy poliklinikalar qoshida tez tibbiy yordam punktlari va dorixonalarning mavjud emasligi tanqid ostiga olindi. Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining hududlaridagi faoliyati talablarga javob bermaydi.

Respublika ixtisoslashtirilgan markazlarida mutaxassislarni qayta tayyorlash, tashxis qo‘yish va davolash, kasalliklarni barvaqt aniqlash va profilaktika qilishning zamonaviy usullarini joriy etishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani ta’kidlandi.