O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimida tizimli ravishda bolalar mehnatidan foydalanishga chek qo‘yildi va hukumat majburiy mehnatning har qanday shaklini to‘xtatishni maqsad qilgan. Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari bunga amin bo‘lishdi, deya xabar qildi BMT Yangiliklar markazi.

Ular ma’lumotlariga ko‘ra, jamiyatda majburiy mehnat, ayniqsa gap bolalar haqida ketayotgan bo‘lsa, toqatsizlik kayfiyati paydo bo‘lgan. XTMdan qayd etilishicha, joriy yilda paxta hosilini terib olish jumladan fuqarolik jamiyati bilan shaffoflik va muloqot muhitida kechgan.

XTM vakillari butun mamlakat bo‘ylab 3000 nafardan ziyod terimchi, mahalliy hokimiyat vakillari, o‘qituvchilar va shifokorlar bilan yuzma-yuz suhbatlashgan. Bundan tashqari, ular yana 1000 kishiga qo‘ng‘iroq qilishgan.

Aniq bo‘lishicha, hukumat paxta yig‘im-terimida tizimli ravishda bolalar mehnatidan foydalanishga chek qo‘ygan va ushbu ishga odamlarni faqatgina ko‘ngilli ravishda jalb qilishga topshiriq bergan. Ular paxta yig‘im-terimida maktab o‘quvchilari, talabalar, o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarini jalb qilishni taqiqlagan. Shu bilan birgalikda, joriy yilda XMT va Jahon banki tavsiyalariga ko‘ra paxta terish uchun ish haqining ko‘tarilgani ko‘ngillilarning keng jalb qilinishiga zamin yaratgan.

Noyabrda Argentinada bo‘lib o‘tgan bolalar mehnatiga chek qo‘yish bo‘yicha Global anjumanda O‘zbekiston hukumati mazkur sohada fuqarolik jamiyati bilan hamkorlik majburiyatini oldi. Shundan buyon fuqarolik jamiyati vakillari bilan bir qancha uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.