1948 yil 9 iyulda San-Fransiskoda (AQSH) imzolangan Xalqaro mehnat tashkilotining birlashmalar erkinligi va kasaba uyushmalariga birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risidagi 87-Konvensiyasi 12 dekabridan boshlab O‘zbekiston uchun kuchga kirdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekistonning ushbu konvensiyaga qo‘shilishi 1948 yildagi Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasida o‘z ifodasini topgan, har bir insonning uyushmalarga birlashish huquqini kafolatlovchi va inson huquqlarini himoya qiluvchi umume’tirof etilgan me’yorlarga hamda Xalqaro mehnat tashkilotining fundamental konvensiyalariga mamlakatimiz sodiq ekanligini yana bir bor tasdiqladi.

Hujjat ilg‘or xalqaro tajriba asosida kasaba uyushmalarini yanada rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi, deyiladi xabarda.

87-Konvensiya XMTning sakkizta asosiy konvensiyasidan biri bo‘lib, 1948 yil XMT Bosh konferensiyasining 31-sessiyasida qabul qilinib, 1950 yilda kuchga kirgan.

Konvensiyada xodimlar va ish beruvchilarning tashkilotlar tuzish, shuningdek, ushbu tashkilotlarga kirish huquqi, xodimlar va ish beruvchi tashkilotlarining o‘z ustavlari va ma’muriy reglamentlarini ishlab chiqishi, davlat organlarining birlashish huquqini cheklovchi yoki uni qonuniy amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi aralashuvidan erkinlik, xodimlar va ish beruvchi tashkilotlarni tarqatib yuborishni yoki ma’muriy tartibda ular faoliyatini to‘xtatib qo‘yishni ta’qiqlash, xodimlar va ish beruvchilarga birlashish huquqini erkin amalga oshirish ko‘zda tutilgan.