O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 dekabr kuni"Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmon va Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

mazkur sohadagi davlat siyosatini amalga oshirishga mas’uliyat yuklangan alohida davlat organi — Davlat xizmatlari agentligi hududiy bo‘linmalari bilan tashkil etildi. Bu amalga oshirilayotgan islohotlarning uyg‘unligi va izchilligini ta’minlaydi, davlat xizmatlarini sifatli bajarish uchun vakolatli organlar va tashkilotlarning javobgarligini oshiradi. Shu bilan birga, aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida boshqaruvni amalga oshirishning aniq tashkiliy-institutsional asoslarini shakllantirish ta’minlanmoqda.

Endilikda «yagona darcha» tamoyili nafaqat tadbirkorlik sub’ektlariga, balki bevosita fuqarolarga ham xizmat ko‘rsatishda amal qiladi. Davlat xizmatchilari bilan bevosita muloqot qilmasdan hamkorlikni ta’minlash aholi uchun davlat xizmatlarini korrupsiya xavfisiz tezkorlik bilan ko‘rsatish imkonini beradi, fuqarolarning kundalik hayotini jiddiy ravishda yengillashtiradi, byurokratiya va sansalorlik holatlarini bartaraf etadi.

Davlat xizmatlari ko‘rsatishda yaqinda tashkil etilgan o‘ziga xos institut — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonalarining faol ishtiroki o‘xshashi bo‘lmagan eng muhim yangiliklardan biri hisoblanadi. Davlat hokimiyatining aholi bilan samarali muloqotini tashkil etish, fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishning sifat jihatidan yangi tizimini yo‘lga qo‘yishda muhim rol o‘ynagan mazkur institutlar faoliyatining ijobiy yakunini hisobga olgan holda davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasi ularning bevosita muvofiqlashtiruvida bo‘lishi nazarda tutilmoqda.

O‘z navbatida Xalq qabulxonalari va Davlat xizmatlari markazlari tuman (shahar) miqyosida yagona yaxlit faoliyat olib borib, davlat xizmatlari ko‘rsatishning samarali tizimini shakllantirish imkonini beradi.

Davlat xizmatlari markazlari faoliyatini samarali tashkil etishdan tashqari, axborot almashinuvi bo‘yicha idoralararo, eng avvalo, elektron hamkorlikning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish mazkur sohada muvaffaqiyatga erishish uchun hal qiluvchi omil hisoblanadi.

Shu munosabat bilan Farmonda Davlat xizmatlari yagona reyestrini tashkil etish, davlat xizmatlarining har bir turi bo‘yicha yagona ma’muriy reglamentlar ishlab chiqish, Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va davlat xizmatlari markazlarida axborot tizimlari, resurslari, ma’lumotlar bazalari hamda dasturiy mahsulotlarni, shuningdek, apparat-dasturiy majmualarni joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Bu davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida «Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi» degan muhim tamoyilni joriy etish imkonini beradi.

Internet va mobil texnologiyalarning faol joriy etilishi xizmatdan foydalanuvchilar davlat organlariga zarur hollarda borishlari, odatiy hollarda esa xizmatlar masofadan elektron tartibda ko‘rsatilishi bilan bog‘liq g‘oyalarning istiqbolda amalga oshirilishini ta’minlaydi.

Shuningdek, Farmon bilan Davlat xizmatlari markazlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, davlat xizmatlarining sonini, ayniqsa, fuqarolar uchun bosqichma-bosqich jiddiy ravishda oshirishni hisobga olgan holda xizmatdan foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatiladigan bino va inshootlarni to‘liq yangilashga zarurat mavjud.

Shu munosabat bilan mas’ul idoralarga Davlat xizmatlari markazlarining yangi qiyofasini ishlab chiqish topshirilgan, mahalliy hokimiyat organlari esa Farmon talablarini hisobga olgan holda binolarni bosqichma-bosqich yangilashni ta’minlaydi.

Davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida, shu jumladan sog‘liqni saqlash, litsenziyalash, soliq, bojxona va boshqa sohalarda jadal sifat jihatidan yaxshilashning muhim mexanizmlari, shuningdek, davlat xizmatlari bo‘yicha mobil ilovalarni ishlab chiqish, xizmatlarni olis joylarga chiqqan holda ko‘rsatish, aholi bilan tezkor aloqalar, rasmiy veb-saytlardagi internet-botlar, ijtimoiy tarmoqlar yordamida qayta aloqaning samarali tizimini tashkil etishni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlar tasdiqlandi.

Shuningdek, 2018−2020 йилларда joriy etilishiga qarab Davlat xizmatlari markazlarida «yagona darcha» tamoyili bo‘yicha ko‘rsatiladigan 58 ta davlat xizmatining ro‘yxati tasdiqlandi.

Ularning qatorida uy-joylarning suv ta’minoti, kanalizatsiya, issiqlik ta’minoti va boshqa muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, yakka tartibda uy-joy qurishni amalga oshirishga ruxsatnoma, turar joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish (propiska), ro‘yxatdan chiqarish va hisobga qo‘yish, turli arxiv ma’lumotnomalari, patentlar, guvohnomalar va rasmiy hujjatlar dublikatlarini olish kabi aholining talabi yuqori bo‘lgan xizmatlar mavjud.

Farmon bilan davlat xizmatlari ko‘rsatishning mutlaqo yangi tashkiliy asoslari joriy etilmoqda, davlat va aholi o‘zaro hamkorligining zamonaviy konsepsiyasiga poydevor qo‘yilmoqda.