O‘zbekistonda rieltorlik faoliyatini litsenziyalashni Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent hokimiyati vakolatiga topshirish yo‘li bilan mazkur sohani boshqarish tizimini soddalashtirish rejalashtirilmoqda. Hozirda litsenziyalash Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida e’lon qilingan Prezident farmoni loyihasida ko‘chmas mulk bozorida axborot va konsultatsiya xizmatlarini ko‘rsatishni litsenziyalashni hamda rieltorlik tashkiloti ustav kapitalining eng kam miqdoriga qo‘yilgan talabni bekor qilish taklif etilmoqda.

Hujjatda rieltorlik xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha hududiy markazlarni tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ushbu markazlarda ko‘chmas mulk ob’ektlari bilan bog‘liq barcha xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Rieltorlik tashkiloti yordamida tuzilgan ko‘chmas mulk ob’ekti va binolarni olti oygacha bo‘lgan qisqa muddatga taqdim etish bo‘yicha shartnomani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va notarial tasdiqlash majburiyatini bekor qilish taklif etilmoqda. Rieltorlik tashkiloti soliq xizmatlari organlariga tuzilgan ijara shartnomalari hamda ijara to‘lovi hajmi to‘g‘risida ma’lumotnoma taqdim etadi.

Qo‘shimcha ravishda rieltorlik tashkilotida fuqarolik javobgarligi sug‘urta polisining mavjud bo‘lishi shartini kiritish taklif qilinmoqda. Eng kam oylik ish haqining 3000 barobari miqdoridagi mazkur sug‘urta polisi rieltorlik tashkiloti aybi bilan yetkazilgan zararlar o‘rnini qoplashga yo‘naltiriladi.