O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Chilonzor tuman hokimiyati tumanda mo‘’jaz turistik klaster tashkil etish bo‘yicha ishlarni boshlab yubordi.

Qo‘mita matbuot xizmatining xabar qilishicha, Yuriy Gagarin ko‘chasini ixtisoslashgan turistik ko‘chaga aylantirish rejalashtirilmoqda. Bu yerda sayyohlar xaridlarni amalga oshirish, mazali taomlar iste’mol qilish va ko‘ngil yozishlari mumkin bo‘ladi.

Loyiha doirasida brend do‘konlari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, esdalik sovg‘alar, hunarmandlik buyumlari do‘konlari va boshqa ob’ektlarni ochish rejalashtirilgan.

Ko‘chada kabutarlar maydonchasi ham tashkil etiladi. Bu yerda aholi va sayyohlar o‘z qo‘llari bilan kabutarlarni boqishlari mumkin bo‘ladi.

Ko‘chada muntazam ravishda madaniy tadbirlar, jumladan folklor ansambllari, baxshilar, dorbozlar va boshqalar chiqishlari namoyish etib boriladi.

Davlat turizm qo‘mitasi xuddi shunday ishlarni poytaxtning Mirzo Ulug‘bek va Yunusobod tumanlarida ham olib bormoqda.