6 dekabr kuni Venada (Avstriya) birinchi O‘zbekiston-Yevropa ipak forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir «O‘zbekipaksavdo» assotsiatsiyasi tomonidan O‘zbekistonning Avstriyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati.

Forumda Italiya, Ispaniya, Germaniya, Avstriya, Vengriya, Slovakiya, Rossiya, Turkiya va boshqa mamlakatlardan ipak mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar ishtirok etdi.

Forum doirasida O‘zbekistonning yetakchi ipak mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari — «Buxara Brilliant Silk» va «Surxon ipagi» kompaniyalari mahsulotlari yarmarkasi o‘tkazildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston dizaynerlari ipakdan tayyorlangan milliy va zamonaviy liboslar namoyishlarini tashkil etdi.

Forum yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston ipak mahsulotlarini Yevropa mamlakatlariga eksport qilish masalalarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, «O‘zbekipaksavdo» assotsiatsiyasi FAO, YUNIDO va OPEK Taraqqiyot jamg‘armasi bilan birgalikda mintaqaning ipak sanoati eksport salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha bosh qarorgohi Toshkentda bo‘lgan maxsus platforma — «Markaziy Osiyo-Yevropa ipak assotsiyatsiyasi"ni tashkil etish ustida ish boshlaydi.

O‘zbekiston Xitoy va Hindistondan keyin dunyoning uchinchi eng yirik ipak ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.