9 dekabr kuni Toshkentda Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Prezident barcha yig‘ilganlarni O‘zbekistonda birinchi marotaba nishonlanayotgan Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bayrami bilan muborakbod etdi. U o‘z nutqida sohada erishilgan qator yutuqlarni sanab o‘tdi, shundan so‘ng kamchiliklarga to‘xtalib o‘tdi.

Respublikada 160 mingdan ortiq fermer xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari 45 foizga ko‘payib, ularning soni 75 mingtaga yetdi.

Joriy yil mamlakatimizda 8,377 million tonna g‘alla, 2,93 million tonnadan ziyod paxta, 12,45 ming tonna pilla, 318 ming tonna sholi, 23 million tonna meva-sabzavot, 13 million tonna go‘sht va sut mahsulotlari yetishtirildi. Birinchi marta shafran ekish yo‘lga qo‘yildi, soya ekish kengaydi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 132 ming tonnasi qayta ishlanib, 100 million dollarlik tayyor mahsulot eksport qilindi. 856 million dollarlik 724 ming tonna ho‘l meva chetga sotildi.

Avvalo, yerdan unumli foydalanish va uni talon-taroj qilishning oldini olish — eng muhim vazifalardan biridir, dedi davlat rahbari. Mamlakatda sug‘oriladigan yerlar atigi 3 million 300 ming gektar bo‘lib, uni ko‘paytirishning hech iloji yo‘q. Chunki O‘zbekistonda suv resurslari cheklangan. 830 ming gektar yerni sug‘orishda qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda.

Davlat rahbari aholini sifatli go‘sht, sut, tuxum va baliq mahsulotlari bilan talab darajasida ta’minlash zarurligini ta’kidladi. U bunga erishish uchun qo‘shimcha зотдор qoramol boqishni yo‘lga qo‘yish, parranda boqishga mo‘ljallangan xo‘jaliklarni ko‘paytirish kerakligi aytib o‘tdi. Bugungi kunda mamlakatda yetishtirilayotgan meva-sabzavotning atigi 15 foizi qayta ishlanadi, 8 foizi eksport qilinadi, xolos.

Mamlakat bo‘ylab 445 ming gektar eng unumdor yer aholiga tomorqa sifatida berilgan. Lekin undan foydalanish talab darajasida emas. Tomorqada sitrus mevalar yetishtirishga mo‘ljallangan ixcham issiqxonalar barpo qilish, yong‘oq, unabi va boshqa ko‘chatlar yetishtirishni tashkil etish yaxshi foyda keltiradi.

Mamlakatdagi 146295 ta qishloq xo‘jaligi texnikasining 38 foizi butunlay eskirgan. Meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlar bog‘ va tokzorlarga ishlov berish, sabzavot ekish, parvarishlash va yig‘ib olishga mo‘ljallangan texnika bilan 34 foizgina ta’minlangan, xolos. Bu esa mehnat unumdorligi va hosildorlikning pasayib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda ilm-fan hayot talablaridan orqada qolayotgani jiddiy muammolardan biridir. Shu munosabat bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligiga qarashli ilmiy-tadqiqot institutlarining agrar fan va seleksiyani rivojlantirish, ilg‘or agrotexnologiyalarni ishlab chiqarish va amaliyotga joriy etish, har bir hududda tuproq va iqlim sharoitiga mos ekin navlarini yaratish va joylashtirish borasidagi o‘rni va rolini keskin oshirish lozimligini qayd etdi.

Bu ilmiy muassasalarning moddiy-texnik bazasi zamonaviy tadqiqotlarni amalga oshirish imkonini bermaydi. Zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirgan kadrlar yetishmaydi. Ayniqsa, chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik sohalarida veterinar mutaxassislarga ehtiyoj katta.

Davlat rahbari bu holatlarning barchasini hisobga olib, sohaga ilmiy yondashuv tashkil etish hamda malakali kadrlar tayyorlash uchun Veterinariya instituti tashkil etishni tashabbusini ilgari surdi.

Terini qayta ishlash sohasi ham jiddiy e’tibor talab qiladi. Mamlakatda 12 million donadan ziyod terini yig‘ish, chuqur qayta ishlash, yuqori sifatli, raqobatbardosh mahsulot tayyorlash bo‘yicha ishlarni faollashtirish maqsadga muvofiqdir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatda parrandachilikni rivojlantirishni ilmiy asosda yo‘lga qo‘yish maqsadida Parrandachilik ilmiy markazini tashkil etishni taklif qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, odamlarni kartoshka bilan to‘la ta’minlash uchun yiliga o‘rtacha 50 ming tonna sifatli kartoshka urug‘ini yetishtirish talab etiladi. Davlat rahbari buning uchun Gollandiya, Polsha, Rossiya kabi davlatlar bilan hamkorlikda zamonaviy laboratoriya uskunalariga ega bo‘lgan mahalliy urug‘chilik markazi va maxsus korxonalar tashkil etish zarurligini ta’kidladi.

Fermer xo‘jaliklarida yerdan unumli foydalanish, daromad hajmini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor berish zarur. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2,626 million gektar maydonning umumiy uzunligi 385 ming kilometr bo‘lgan chekka qismlarida sabzavot va poliz ekinlari ekishni yo‘lga qo‘yish orqali 415 ming tonna qo‘shimcha mahsulot yetishtirishga erishish mumkin ekan. Har bir fermer xo‘jaligi dalasida bir boshdan, jami 14 ming sog‘in sigir, 21 ming 125 fermer xo‘jaligining har birida 50 boshdan jami 1 million 57 ming parranda, 66 ming fermer xo‘jaligining dala chetlarida 329 ming quti asalari boqish hisobidan 7 ming 200 tonna asal yetishtirish imkoniyati mavjud.

Jiddiy yondashuvni talab etadigan yana bir masala — yengil sanoat korxonalarini sifatli tola bilan ta’minlash. Ma’lumotlarga ko‘ra, shu munosabat bilan 2018 yilda 1 million 200 ming tonna paxta tolasini yurtimizda to‘liq qayta ishlab, xorijga faqat tayyor mahsulot eksport qilishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Davlat rahbari ta’kidlaganidek, qishloq xo‘jaligining yuqori samaradorligini ta’minlash uchun barcha darajadagi rahbarlar, ayniqsa, tumanlardagi 4 ta sektor rahbarlari mas’uliyatini oshirish talab etiladi. Barcha rahbarlar qishloq xo‘jaligi masalalari, ya’ni, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tashabbus ko‘rsatib ishlashi, eng muhimi, natijadorlikka erishmog‘i shart.

Anjumanda Prezident Shavkat Mirziyoyev agrar sohada ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritgan bir guruh fuqarolarga yuksak mukofotlarni tantanali ravishda topshirdi.