O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat Konstitutsiyasining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zga chiqar ekan, o‘tgan yillar davomida amnistiya qo‘llashda salbiy ko‘rinishlar, jumladan korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘yilganini ta’kidlab o‘tdi.

«Adashib jinoyat yo‘liga kirgan yoki sodir etgan qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lgan insonlarga yana bir bor imkon berish, ularni jamiyatga, oilasi bag‘riga qaytarish muhim ijtimoiy masalalardan biri hisoblanadi. Nega deganda, ular ham O‘zbekiston fuqarolari, shu yurt farzandlaridir», - deya ta’kidladi davlat rahbari.

8 dekabrda nishonlanadigan Konstitutsiya kuni arafasida Prezident O‘zbekiston tarixida ilk bor 2700 fuqaroni afv etish, jumladan 956 kishini jazoni ijro etish koloniyalaridan ozod qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Shu vaqtgacha mamlakatda har yili amnistiya aktlari qabul qilinar edi. Amnistiyaning asosiy mazmuni shundan iboratki, u avval jinoyatlar toifasini belgilab beradi, keyin esa ana shu jinoyatlar toifasiga tushadigan shaxslar aniqlanadi.

«Albatta, amnistiya jinoyat sodir etgan odamlarni kechirish bo‘yicha muhim mexanizmlardan biri. Biroq, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, oldindan chuqur o‘rganmasdan turib javobgarlikdan ozod qilishni belgilash qilmishiga pushaymon bo‘lmagan, yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxslar ham amnistiya doirasiga kirib qolishiga sabab bo‘lgan. Bu masalada, ming afsuski, korrupsiya holatlari ham yo‘q emas», - dedi Prezident.

Bu esa ana shunday kimsalarda jazoni his etmaslik, bizga hamma narsa mumkin, degan noto‘g‘ri kayfiyatning shakllanishiga olib kelgan.

«Eng yomoni, amnistiyani qo‘llashda jabrlangan taraf va jamoatchilik fikri inobatga olinmagan, bu esa fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun, afsuski, amnistiya bo‘yicha ozod qilingan shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etish holatlari ham uchramoqda».

Ana shu holatlarni inobatga olib, maxsus komissiya tomonidan jazo o‘tayotgan har bir shaxs bilan alohida suhbat o‘tkazildi, u yashagan mahalla ahli, jabrlangan odamlarning fikri o‘rganildi.

«Bu jarayonda sodir etilgan jinoyatning og‘irlik darajasi, sud tayinlagan jazoning qanchalik adolatli ekani ham e’tiborga olindi. Chuqur tahlil va o‘rganishlar natijasida chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatni bilib-bilmay sodir etgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan mahkumlarning aniq doirasi belgilandi va aynan shunday shaxslar afv etildi», - dedi davlat rahbari.

«O‘ylaymanki, Prezident tomonidan kechirilgan har bir shaxs o‘ziga bildirilgan yuksak ishonchni oqlab, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga munosib hissa qo‘shadi, jamiyatda o‘z o‘rnini topadi», - deya ta’kidladi.

U yana bir bor yaqin qarindoshlari sudlangan, deb fuqarolarni ishga qabul qilmaslik yoki yuqori lavozimlarga tayinlamasligi masalasiga e’tibor qaratdi. Prezident davlat organlariga kadrlarni tanlashda eskidan saqlanib qolgan, qo‘shtirnoq ichidagi bir «tizim"ni noma’qul yondashuv deb atab, ko‘plab yoshlar, malakali mutaxassislar «beayb aybdor bo‘lib», yaqin qarindoshlarining qilmishlari uchun jabr tortib kelganini ta’kidlab o‘tdi.

«O‘zingiz ayting, bu adolatdanmi? Nima sababdan bir jinoyat uchun butun bir avlod javob berishi kerak? Otasining qilmishi uchun nega farzandlari yoki aka uchun uka javob berishi kerak? Demokratik normalarga ham, hayotning bugungi talablariga ham mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan bunday adolatsiz «tizim"dan biz endi butunlay voz kechamiz», - dedi Prezident.