O‘zbekiston Prezidentining xalq qabulxonalari asosida Tezkor davlat xizmatlari agentligini tashkil etiladi. Bu haqda Konstitutsiyaning 25 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

Yangi agentlik tuzilmasi Prezident devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmatiga aloqador bo‘ladi. U barcha davlat idoralari va Adliya vazirligi huzuridagi «Yagona darcha» markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarni o‘zida birlashtiradi.

«Ma’lumki, hammamiz deyarli har kuni turli idoralarga murojaat qilamiz. Deylik, notarius, arxiv yoki kadastr idorasidan, gaz, elektr, suv ta’minoti tashkilotidan yoki mahalladan oddiy bir ma’lumotnoma olish uchun ba’zan kun bo‘yi navbatda turishga to‘g‘ri keladi», - dedi davlat rahbari.

«Ana shunday, bir qarashda arzimas bo‘lib tuyuladigan ishlar uchun odamlarning qancha vaqti, asabi ketadi. Shularning hammasini bir joyda, markazlashtirgan holda, tezlik bilan hal qilsa bo‘ladi-ku!» - ta’kidladi u.

Mamlakatning barcha shahar va tumanlarida aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatadigan idoralar mavjud. «Ular xalqqa xizmat qilish uchun tuzilgan. Lekin, afsuski, aksariyat hollarda ular xalqdan uzilib qolgan, desak, buyam to‘g‘ri bo‘ladi», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Aslida XXI asrda — Internet va axborot kommunikatsiyalari davrida bu ishlarning barchasini uydan chiqmasdan turib, kompyuter yoki uyali telefon orqali bajarish imkoni bor-ku!» - dedi Prezident.

«Rivojlangan davlatlarda bunday tizim allaqachon yo‘lga qo‘yilgan. Shu tizimni yurtimizda ham joriy etishga, nima, imkoniyatimiz yo‘qmi? Bor, albatta. Faqat biz bu masalaga qandaydir arzimas, mayda masala, deb qarashga o‘rganib qolganmiz. Holbuki, inson hayoti, inson manfaati bilan bog‘liq sohalarda mayda narsaning o‘zi yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas.

Shuning uchun biz endi davlat xizmatlarini ko‘rsatish borasidagi ishni mutlaqo yangicha asosda tashkil etamiz. Endi davlat xizmatini ko‘rsatadigan tashkilot va tuzilmalar bevosita joylarga, mahallalarga chiqib, aholiga xizmat ko‘rsatadi", - deya ma’lum qildi u.

«Ana shunday tizimni yo‘lga qo‘ysak, o‘ylaymanki, xalqimizga katta yengillik yaratiladi, odamlar bizdan rozi bo‘ladi», - dedi Shavkat Mirziyoyev. U hukumatga 15 kun muddatda ushbu masala bo‘yicha Prezident qarori loyihasini kiritish vazifasini topshirdi.

Prezident virtual qabulxona, so‘ngra davlat rahbarining xalq qabulxonalari ochilgandan buyon 1,5 milliondan ziyod murojaat o‘rganib chiqilganini qayd etdi.

«Barchamiz yaxshi tushunamiz, xalqimizning hayot darajasi o‘sishi, ko‘pgina muammolar hal qilinishi bilan Xalq qabulxonalariga murojaatlar kamayib boradi. Shuning uchun bu qabulxonalar imkoniyatlarini biz davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasiga yo‘naltiramiz», - deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

«Barchamiz yaxshi tushunamiz, xalqimizning hayot darajasi o‘sishi, ko‘pgina muammolar hal qilinishi bilan Xalq qabulxonalariga murojaatlar kamayib boradi. Shuning uchun bu qabulxonalar imkoniyatlarini biz davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasiga yo‘naltiramiz».