O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 5 dekabr kuni Samarqandda sinov rejimida shoshilinch tezkor xizmatlarni yagona «112» raqami bilan chaqirish tizimini joriy etish bo‘yicha sinov loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi qarorni e’lon qildi.

Tizim 2018 yil davomida «Xavfsiz shahar» loyihasi doirasida tashkil etilib, bunda shoshilinch xizmatlarning muqobil telefon raqamlaridan foydalanish imkoniyati saqlab qolinadi.

«112» tizimi yong‘in xavfsizligi, ichki ishlar organlari (jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish), tez tibbiy yordam xizmatlari, gaz tarmoqlari avariya xizmatlari va FVV qutqaruv xizmatlarini o‘zida birlashtiradi. Kelgusida tizimga suv ta’minoti va elektr energiyasi sohasidagi navbatchilik bo‘linmalarini chaqirish ham kiritilishi mumkin.

Tizim ishlashi uchun shaharda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashda ko‘maklashish markazi filiali ko‘rinishida yagona dispecherlik xizmati tashkil etiladi.

«112» tizimini sinov tartibida ishga tushirish 2018 yil 1 oktyabriga mo‘ljallangan. Samarqanddagi «112» tizimi faoliyati tahlili asosida 2019 yilda tizimni O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham joriy etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqiladi.