Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi «Fozil ota» qabristoni qarovchisi Miroqil Fozilov «Ko‘tarilayotgan quyosh, kumush nurlar» imperatorlik ordeni bilan taqdirlandi. Yaponiya hukumati uni O‘zbekistonda asirga olingan yapon fuqarolari tarixini saqlash va yapon fuqarolari qabristonini nazorat qilishdagi xizmatlari uchun mukofotladi, deya xabar qildi Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi.

75 yoshli Miroqil Fozilov 40 yil davomida qabristonidagi yapon fuqarolari qabrlariga qarash va obodonlashtirish bilan shug‘ullanib keldi. Uning otasi ham 60 yil mobaynida shu ish bilan mashg‘ul bo‘lgandi. Bundan xabar topgan O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabristonni uning sharafiga «Fozil ota» deb qayta nomlashga ko‘rsatma bergandi.

2015 yil oktyabrida Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelganida yapon fuqarolarining qabristoni ahvolidan ijobiy taassurotlar bilan qaytgan edi. Elchixonaning qayd etishicha, Miroqil Fozilovning sa’y-harakatlari ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

1875 yilda ta’sis etilgan «Ko‘tarilayotgan quyosh, kumush nurlar ordeni» Yaponiyaning birinchi ordeni bo‘lib, oltita darajaga ega.