AQSH Prezidenti Donald Tramp chorshanba kuni Quddusni Isroil poytaxti deb tan olinishi va Amerika elchixonasini Tel-Avivdan ushbu shaharga ko‘chirilishi haqida e’lon qildi, deya xabar berdi RIA Novosti. Qaror ko‘plab mamlakatlarda salbiy aks-sado berdi.

«Hozir Quddusni Isroil poytaxti deb rasman tan olish vaqti keldi, deya qaror qildim», - dedi Tramp o‘z murojaatida.

Donald Tramp Vashington agarda har ikki tomon rozi bo‘lsa, Falastin-Isroil mojarosini ikki davlatning bir yerda mavjud bo‘lishi tamoyili bo‘yicha hal etishni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Isroil Quddusni o‘zining yagona va bo‘linmas poytaxti deb ataydi hamda sharqiy tumanlar va tarixiy markazni yarim asr muqaddam Iordaniyadan ajratib olingani va keyinroq anneksiya qilinganiga urg‘u qaratadi. Dunyoning aksariyat davlatlari anneksiyani tan olmaydi va mojaroni Quddusning sharqiy qismiga da’vo qiluvchi falastinliklar bilan kelishgan holda hal etish lozim, deb hisoblaydi. Shu sababli barcha xorijiy davlatlar elchixonalari Tel-Avivda joylashgan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu «jasoratli va adolatli» qaror uchun Trampga minnatdorchilik bildirdi. Oy uyning tashabbusini tinchlik sari tashlangan muhim qadam deb atadi.

O‘z navbatida Falastin milliy ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos Trampning elchixonani Quddusga ko‘chirish to‘g‘risidagi bayonotini Yaqin Sharqdagi tinchlik jarayonida Amerika o‘z ishtirokini yakunlaganidan dalolat berishini ma’lum qildi.

«Trampning bayonoti xalqaro rezolyutsiyalarga zid bo‘lib, mintaqada tinchlik o‘rnatilishi bo‘yicha choralarga ziyon yetkazadi, shuningdek u o‘zida AQSHning tinchlik jarayoniga homiylik qilishdan voch kechishi to‘g‘risidagi bayonotni ifoda etadi», - dedi Abbos.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Quddus maqomi haqidagi masala ikki tomonlama muzokaralar doirasida hal etilishi, bunda Falastin va Isroil manfaatlari hisobga olinishi lozimligini ma’lum qildi. U bir tomonlama choralarga qarshi chiqib, uning isroillik va falastinliklar uchun tinchlik kelajagiga zarar yetkazishini ta’kidladi.

«Quddus ko‘plab insonlar uchun yaqin rishtalar bilan bog‘langanini tushunaman. Uzoq asrlar davomida shunday bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Mana shu xavotirli vaqtda men ikki davlat haqidagi qaror muqobili yo‘q aytishni xohlayman. Hech qanday zaxiradagi reja yo‘q», - deya ta’kidladi Antoniu Guterrish.

«Har ikki xalqning qonuniy orzu-umidlari faqatgina tinchlik, xavfsizlikda yonma-yon yashovchi, bir-birini tan oluvchi ikki davlat haqidagi qaror asosida amalga oshirishi mumkin, buna Quddus ham Isroilning, ham Falastinning poytaxti bo‘ladi, yakuniy hal qiluvchi to‘xtamga esa yakuniy maqomning barcha masalalari bo‘yicha muzokaralar jarayonida kelinadi», - deya qo‘shimcha qildi u.

Yevroittifoq diplomatiyasi rahbari Federika Mogerini Yevropa Ittifoqi mazkur qadamdan jiddiy xavotirga tushganini ma’lum qilib, mintaqadagi tomonlarni vazminlikka chaqirdi.