Uzcard 2018 yil 1 yanvardan DUET (oflayn kartalar) kartalar bo‘yicha tranzaksiya o‘tkazishni to‘xtatadi. Bu haqda Yagona umumrespublika protsessing markazi matbuot xizmati xabar qildi.

Uchinchi chorakda DUET kartalar orqali 16,3 mlrd so‘mlik 14,2 ming tranzaksiya amalga oshirildi. 2016 yilning xuddi shu davrida esa mazkur raqam anchagina ko‘proqni tashkil etgan — 1,9 mln tranzaksiya va 1,06 trln so‘m.

YAUPM matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, bugungi kunda jami 18,7 mln dona plastik karta chiqarilgan bo‘lib, ularning 11,3 milliontasi onlayn kartalar hisoblanadi.

YAUPM ma’lumotlariga ko‘ra, uchinchi chorakda O‘zbekistonda 1,4 mln dona plastik karta chiqarilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17,6 foizga kam demakdir. O‘shanda 1,7 millionta karta chiqarilgan edi.

Uchinchi chorakda ecommerce-tranzaksiyalar miqdori 220 milliontani tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 182,4 foiz ko‘p (77,9 millionta tranzaksiya) demakdir. Uchinchi chorakda elektron tijorat bo‘yicha jami tranzaksiya summasi 13,4 trln so‘mga yetib, 4,08 trln so‘mdan 228,4 foizga o‘sdi.