O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning qanday nomlanishini yaqin kunlarda Oliy Majlis palatasiga murojaat vaqtida e’lon qiladi. Bu haqda davlat rahbari payshanba kuni mamlakat Konstitutsiyasining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishda ma’lum qildi.

O‘zbekistonda har bir yilni hayotning muayyan jabhasiga bag‘ishlash an’anasi Inson manfaatlari yili deb e’lon qilingan 1997 yildan buyon davom etib kelmoqda. Har yili 8 dekabrda nishonlanadigan Konstitutsiya kunida kelgusi yilning qanday nomlanishi e’lon qilinar edi. 2017 yil O‘zbekistonda Shavkat Mirziyoyev taklifi bilan Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deb e’lon qilingan edi.

«Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deb e’lon qilingan 2017 yilda „Inson manfaatlari - barchasidan ustun“ shiori ostida ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Bu ishlar Konstitutsiyamizning asosiy tamoyillarini amalga oshirishda yana bir qadam bo‘ldi», - dedi Prezident.