Afg‘oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani chorshanba kuni Buxoro davlat universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan uchrashdi, xabar berdi O‘zA.

Mazkur universitet O‘zbekistondagi yirik bilim maskanlaridan biridir. Undagi sakkiz fakultetda 7000 dan ziyod talaba va magistr ta’lim olmoqda.

Afg‘oniston Prezidenti universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari huzurida ma’ruza qildi.

Muhammad Ashraf G‘aniga Buxoro davlat universiteti faxriy doktori unvoni berilgani to‘g‘risida diplom topshirildi.

«Dunyo ilm-fani va islom olamida katta o‘rin tutgan Buxoroi sharifni ziyorat qilish orzuim edi. Muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyevga bu imkoniyatni yaratib bergani uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. O‘zbekiston zaminidan Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk allomalar yetishib chiqqan. Bu yerda ta’lim olayotgan yoshlar mana shunday bobolariga munosib bo‘lib voyaga yetishmoqda», — dedi Muhammad Ashraf G‘ani.