«Bunyodkor» -«Lokomotiv» o‘rtasidagi O‘zbekiston Kubogi final uchrashuvidan so‘ng muxlislar «temiryo‘lchilar» g‘alabasini nishonlash uchun maydonga yugurib chiqishdi, deya xabar tarqatdi Futbol federatsiyasi matbuot xizmati.

Ilk bor O‘zbekiston Kubogi finali oldidan O‘FF muxlislar uchun o‘ziga xos shou tashkil etdi. Shou-dasturda o‘zbek estradasining taniqli vakillari — Shahzoda, Rayhon, «Ummon», «Benom», Shahriyor, Ruxshona kabi estrada yulduzlari ishtirok etdi. Futbol federatsiyasi ushbu dasturni tashkil etishda ko‘mak ko‘rsatgani uchun Madaniyat vazirligiga minnatdorchilik bildirdi.

25 noyabr kuni PFL bosh direktori Omon G‘ofurov Yaponiyaning Saytama shahrida OCHL finalitashrif buyurgan edi. PFL rahbari OCHL finali kabi nufuzli musobaqalarni tashkil etish tajribasini o‘rganib, bu tajribani O‘zbekistonda ham qo‘llash maqsadida katta shou tashkil etishga qaror qildi.

«Muxlislarni stadionda xursand qilish maqsadida O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi tomonidan koptok va sharflar sovg‘a tariqasida tarqatildi. Muxlislarning emotsiyalarga berilib, o‘yin yakuniga yetganidan so‘ng „Lokomotiv“ klubi futbolchilarini tabriklash maqsadida maydonga chiqib ketishi kabi vaziyatlar futboli rivojlangan davlatlarda ham uchrab turadigan holat hisoblanadi», - deya ma’lum qildi O‘FF.

Jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov, OFK rahbari Salmon bin Ibrohim al-Xalifa va O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov FIFA hakamlari bilan birgalikda. Foto: O‘FF.

Final uchrashuvini Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa bevosita stadiondan kuzatib bordi. OFK Prezidenti murosasiz kechgan final o‘yinidan katta taassurot olganini ta’kidlab, O‘zbekistonda muxlislarning futbolga bo‘lgan qiziqishi yuqori ekanini qayd etib o‘tdi.

Xabarda qayd etilishicha, Futbol federatsiyasi kelasi mavsumdagi uchrashuvlarni ham ko‘tarinki kayfiyatda, haqiqiy bayram tarzida o‘tkazib, futbol muxlislarini xursand qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini davom ettiradi.