Seshanba kuni poytaxtda I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali tashkil etilganiga o‘n yil to‘lgani munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi O‘zA.

OTM 2007 yil O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan. Ayni vaqtda ushbu maskanda 730 nafardan ko‘proq talaba ta’lim olmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan mamlakat neft-gaz tarmog‘i uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga qo‘shgan katta hissasi uchun Rossiya davlat neft va gaz universiteti «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi. Tadbirda yuksak mukofot Rossiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasasi bayrog‘iga qadab qo‘yildi.

Shu kunlarda universitetning Qashqadaryo mintaqaviy bo‘limi ochildi. U O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 12 apreldagi O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori hamda «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati va I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi memorandumga muvofiq tashkil etildi.