Davlat statistika qo‘mitasi O‘zbekiston iste’mol sektoridagi inflyatsiya to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qildi. Inflyatsiyaning oylik ko‘rsatkichlari mamlakatda ilk bor e’lon qilinmoqda.

Noyabrda tovarlar va xizmatlar uchun iste’mol narxlari o‘rtacha 2 foizga ko‘tarildi. Jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 1,5 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 3,4 foizga va xizmatlar 0,5 foizga oshgan. Solishtirish uchun: 2016 yil noyabrida iste’mol mahsulotlari 0,8 foizga ko‘tarilgan.

Meva-sabzavot mahsulotlari narxlari darajasining o‘zgarishiga mavsumiy omillar ta’sir etdi. Birmuncha sezilarli darajada pomidor va bodring mahsulotlari narxlari — 60,6 foiz va 54 foizga, uzum — 19,8 foizga, olma — 14,1 foizga qimmatlashdi. Shu bilan birga, sabzi — 17,2 foizga, piyoz — 13,9 foizga, karam — 12,9 foizga va kartoshka — 1,1 foizga arzonlashdi.

Shuningdek, tuxum — 7,9 foiz, choy va kofe — 2,4 foiz, saryog‘ — 2,3 foiz, bug‘doy uni — 2,2 foiz, sut mahsulotlari — 2,1 foiz, qandolat mahsulotlari — 1,9 foiz, mol go‘shti — 1,6 foiz, qo‘y go‘shti va guruch — 1,2 foiz, o‘simlik moyi — 0,8 foizга qimmatladi. Mosh — 5,7 foiz, loviya — 5,1 foiz, parranda go‘shti — 4,4 foiz, baliq — 3,7 foiz, гречка va boshqa yormalar — 1,4 foiz hamda shakar  — 0,4 foizга arzonlashdi.

Bir oy davomida nooziq-ovqat mahsulotlari 3,4 foizga qimmatlashgan. O‘sish o‘tgan yilning noyabriga nisbatan yuqoriroq bo‘ldi (1,8 foiz). O‘sishga asosan benzin narxining ko‘tarilishi (o‘sish o‘rtacha 39,7 foiz) bilan bog‘liq.

Nooziq-ovqat mahsulotlarining boshqa turlarida ham narxlar o‘sishi kuzatildi. jumladan dori vositalari — 4,8 foiz, kiyim-kechak — 2,9 foiz, qurilish materiallari — 2,6 foiz, zargarlik buyumlari — 2,4 foiz, oyoq kiyimi — 2,2 foiz, shaxsiy gigiyena tovarlari — 2,1 foiz, yuvish va tozalash vositalari — 1,8 foizга qimmatlashdi.

Aholiga pulli xizmatlarni ko‘rsatish sohasida noyabr oyida 0,5 foizlik o‘sish qayd etildi. 2016 yil noyabrida tariflar 0,4 foizga oshgan edi.

Mazkur sohada maishiy xizmatlar tariflarining 2 foizga, xorijiy tillar kurslarida o‘qish narxining 2,2 foizga o‘sishi asosiy inflyatsion omil bo‘ldi.